Portativ lazerli nur tarqatgichlardan noqonuniy foydalanish javobgarlikka sabab bo‘ladi

Texnologiya rivojlanishi bilan turli elektron uskunalar, jumladan, portativ lazerli nur tarqatgichlar ham ommalashmoqda. Biroq, ulardan noqonuniy yoki nomuvofiq foydalanish jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Xususan, samolyotlarning uchishi yoki qo‘nishi paytida ularning ekipajiga lazer nurlari yo‘naltirilishi qo‘nish yoki parvoz jarayonida ekipaj diqqatini chalg‘itib, halokat xavfini oshiradi.

Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga lazer nurlari yo‘naltirilishi natijasida ko‘zning vaqtincha ko‘rmay qolishi, bu esa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarning oldini olishda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shu bois, xorijiy davlatlarda lazer qurilmalardan foydalanishni cheklovchi qonunlar qabul qilingan.

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida yuqoridagi muammolar tilga olindi.
Mamlakatimizda ham jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu turdagi qurilmalarni nazorat qilish, ularni litsenziyalash va noqonuniy foydalanish holatlarini jazolash bo‘yicha choralar qatorida mazkur qonun ishlab chiqilgan.

Qonun bilan amaldagi qonunchilikka portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash ishlari samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA