Yaponiyaga tashrif O‘zbekistonga nima beradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarish yo‘lidagi tarixiy qadamdir. Tashrif dasturining ko‘lami va mazmuni Toshkent va Tokio o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy va global ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi. Ayniqsa, Tokio shahrida Yaponiya Imperatori Naruxito va Bosh vazir Sanae Takaichi bilan o‘tkaziladigan muzokaralar, yetakchi universitetlar va yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar O‘zbekistonning kunchiqar mamlakat bilan strategik aloqalarni mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy intilishini ifodalaydi.
Hozirgi kunda Yaponiya O‘zbekistonning eng ishonchli iqtisodiy va texnologik hamkorlaridan biridir. Oxirgi besh yil ichida o‘zaro tovar aylanmasi 2,3 baravarga oshib, 450 million dollardan ziyodni tashkil etgani, investitsiyalar hajmi esa 4,5 milliard dollardan ortgani iqtisodiy aloqalarning yuqori dinamikasini ko‘rsatadi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalari energetika, kimyo sanoati va transport sohalarini modernizatsiya qilishda faol ishtirok etmoqda. Xususan, JICA agentligi ko‘magida amalga oshirilayotgan “To‘raqo‘rg‘on” va “Navoiy” IESlari kabi yirik loyihalar mamlakatimizning energetika xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.
Ushbu tashrifning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri — “yashil” iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikdir. Yaponiya iqlim o‘zgarishiga protiv kurash va energiya tejamkor texnologiyalar bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. O‘zbekistonning 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini keskin oshirish borasidagi rejalarida yapon “nou-xau”lari muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, quyosh va shamol stansiyalarini qurish, shuningdek, sanoat korxonalarida karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama markazida bo‘ladi. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga ham xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etishi esa mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashning yangi drayveri bo‘ladi. Sammit doirasida barqaror taraqqiyot va “yashil” integratsiya masalalari alohida ko‘rib chiqiladi. Tadbir yakunida qabul qilinishi kutilayotgan Tokio deklaratsiyasi nafaqat iqtisodiy va ekologik, balki inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha ham uzoq muddatli strategiyani belgilab beradi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu tashrif O‘zbekiston uchun nafaqat diplomatik aloqa, balki iqtisodiyotni “xom ashyo” bosqichidan “yuqori texnologiyali” bosqichga o‘tkazish uchun texnologik va moliyaviy sakrash imkoniyatini beradi. Yuqori texnologiyalar transferi, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yechimlarini davlat boshqaruviga tatbiq etish, shuningdek, transport-logistika tizimini modernizatsiya qilish tashrifning eng muhim amaliy natijalari bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, inson kapitalini rivojlantirish, ya’ni o‘zbekistonlik talabalar va mutaxassislar uchun Yaponiyaning nufuzli oliygohlarida ta’lim grantlarini ko‘paytirish masalasi ham kun tartibidan muhim o‘rin olgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston yapon investorlari uchun Markaziy Osiyoning eng jozibador va xavfsiz darvozasiga aylanmoqda. Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, soliq imtiyozlari va “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasi yapon biznesi uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni taqdim etadi. Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida o‘tkaziladigan biznes-forumlar va uchrashuvlar yapon tadbirkorlarini O‘zbekistonning yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan sanoat tarmoqlariga dadil kirib kelishlari uchun muhim signaldir.
Yaponiyaning innovatsion salohiyati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — inson kapitalini yuksaltirish va kelajak avlod uchun farovon hayot yaratish g‘oyasi bilan to‘liq hamohangdir. Bu galgi oliy darajadagi muloqotlar ikki xalq o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitib, mintaqada barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.
A.G‘afforov,
O‘zA