2026 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti mablag‘lari nimalarga sarflanadi?

10

Senatorlar “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Qonunning maqsadi 2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari –iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ushbu masala bo‘yicha ma’ruza qildi.

Qayd etilishicha, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning o‘sish suratlari va soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trillion so‘m, xarajatlari esa 567,6 trillion so‘m miqdorida belgilanmoqda.  Byudjet taqchilligini YAIMga nisbatan 3,0 foizdan oshirmaslik rejalashtirilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, 2026 yil uchun Davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarning sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovini kengaytirish va sifatli ta’limga ega bo‘lish kabi ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilgan.

Jumladan, Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi yoki 220 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ta’lim sohasi uchun 100 trillion so‘m nazarda tutilgan, tibbiyot sohasiga esa 49 trillion so‘m yo‘naltirilib, joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda.

Kelgusi yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2026 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trillion so‘m, daromadlari esa 368,9 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari esa 78,6 trillion so‘m, xarajatlari 74,4 trillion so‘m (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) miqdorida rejalashtirilmoqda.

Muhokama jarayonida senatorlar byudjet daromadlarini oshirish va byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratdi.

Senatorlar o‘z chiqishlarida 2026 yilda makroiqtisodiy siyosat sohasida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va davlat dasturlarida nazarda tutilgan boshqa muhim tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

N.Abdurimova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA