Senat a’zolarining faolligi, parlament diplomatiyasi jadallashgani yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda
Mamlakatimiz taraqqiyotida, ayniqsa joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida hududiy vakillik palatasi sifatida Senat a’zolari ham faol ishtirok etmoqda.
Senat yalpi majlisida bu alohida qayd etilib, senatorlar qonunlarning ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish maqsadida muntazam ravishda hududlarga tashrif buyurmoqda. Aholini tashvishga solayotgan muammoli masalalarni hal qilishga e’tibor qaratayotir.

– Xalq bilan muloqotda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan hamda joylarda o‘rganishlar davomida aniqlangan jami 200 dan ortiq muammoli masalalarni hal qilish choralari ko‘rildi, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Qator masalalar respublika darajasida hal etilishi talab etilgani tufayli senatorlar tomonidan Hukumat, mas’ul vazirlik va idoralar oldiga qo‘yilib, tegishli choralar ko‘rishga erishilmoqda. Jumladan, joylarda o‘rganishlarda aniqlangan dolzarb masalalar parlament so‘rovi orqali Hukumat va mas’ul vazirliklarga kiritilmoqda. Joriy yil davomida aynan shunday tarzda to‘qqizta parlament so‘rovi yuborildi.
Prezidentimiz tomonidan yil boshida belgilab berilgan korrupsiyaga qarshi kurashish va kriminogen vaziyatni yaxshilash sohasidagi vazifalar ijrosi nazoratga olingan. Senat a’zolari A.Eshmurodov va Q.Burxonov boshchiligidagi huquq-tartibot organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar yil boshidan respublikaning deyarli barcha hududlarida bo‘lib, korrupsiyaviy omillarni aniqlash va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazdi.

Natijalari joylarda respublika va hudud mas’ullari ishtirokida muhokama qilinib, har bir hudud bo‘yicha korrupsiyaviy omillarni kamaytirish va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” qabul qilindi. Bittadan tumanda namunaviy tarzda “korrupsiyadan xoli hudud” loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘rganishlar va muhokamalar natijasida sohaning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda. Jumladan, korrupsiyaviy omillarni kamaytirishga qaratilgan to‘rtta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Majlisda parlament diplomatiyasi jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Unda Koreya va mintaqamiz o‘rtasidagi ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi, ijobiy natijalar bo‘yicha tajriba almashildi.
Iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoatni rivojlantirish orqali mintaqada farovonlikka erishish yo‘llari, shuningdek, barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.
Mazkur formatlar doirasidagi sa’y-harakatlar, tashabbuslar jamiyat va davlat taraqqiyoti hamda mintaqaviy hamkorlikning yanada faollashuviga va konkret natijalarga erishilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA