Senat Raisi: O‘zbekiston global barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidan dadil bormoqda
Senat Raisi Tanzila Norboyeva 2025 yil yakuniga yetib borayotgani, bu yil mamlakatimizda jadal o‘zgarish va yangilanish jarayonlariga boy bo‘lganini ta’kidladi.
Islohotlar markazida inson turgani bois, asosiy e’tibor barcha hududlarni rivojlantirishga qaratilmoqda. Muhimi, yurtimizda real o‘zgarishlar namoyon bo‘lmoqda.
– Davlatimiz rahbari doimiy ravishda hududlarga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan bevosita tanishmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Islohotlarning samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha mas’ullarga muhim vazifalarni belgilab bermoqda. Kambag‘allikni qisqartirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy harakatlar jadallashib bormoqda. Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushdi. Kambag‘allik 6 foizgacha kamaymoqda. Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi. Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish maqsad qilingan. Yangi, zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma inshootlari barpo etilib, aholi va tadbirkorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Soha va tarmoqlarni zamon talablari asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Ayniqsa, iqtisodiy taraqqiyot va aholi turmush darajasini oshirishning muhim omili bo‘lgan energetika tizimida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
5 dekabr kuni Prezidentimiz boshchiligida tantanali sur’atda 42 ta energetika ob’ekti ishga tushirilgani (quyosh, shamol, issiqlik va gidro elektr stansiyalar) hamda navbatdagi 21 tasining qurilishiga start berilgani – milliy energetika tarmog‘i salohiyatini mustahkamlash borasidagi keng ko‘lamli amaliy ishlarning yorqin dalili bo‘ldi.
Mazkur quvvatlarning to‘la ishga tushishi natijasida kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 milliard kilovatt-soatga yetadi va aholining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanishiga xizmat qiladi.
– Mazkur loyihalarning ekologik ahamiyati ham nihoyatda katta. Boisi, toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi. Bu esa, global barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la hamohang bo‘lib, mamlakatimiz ularga erishish yo‘lidan dadil borayotganining amaliy ifodasidir, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA