O‘zbekiston va Paragvay hamkorligi mintaqalarni bog‘lovchi muhim ko‘prikka aylanadi

Xabar berilganidek, Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Oliy martabali mehmon Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, Olimpiya shaharchasi hamda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish va bunyodkorlik jarayonlari bilan bevosita tanishdi.
Prezident Santyago Penya Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifiga alohida to‘xtalib, quyidagi fikrlarni bildirdi.
– O‘zbekiston haqiqatan ham beqiyos va katta tarixga ega ekanini yana bir bor his etdim. Bu besh ming yillik taraqqiyotni qamrab olgan ulkan sivilizatsiyadir. Bir millatni anglash uchun, avvalo, uning tarixini bilish zarur. Bu yerda biz tarix bilan yuzma-yuz bo‘ldik. Ilm-fan va madaniyat rivojiga jahon miqyosida ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab kashfiyot va bilimlar aynan shu zaminda yuzaga kelgan. O‘zbekistonning eng katta boyligi uning tarixiy merosi, ilmiy an’analari va madaniy uyg‘onishlaridir. Aniq fanlar va tibbiyot kabi yo‘nalishlardagi ilk ilmiy asoslar ham aynan shu yerda shakllangan. Bu jahon jamoatchiligi tomonidan keng tan olinishi lozim.
Paragvay rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot chog‘idagi taassurotlarini ham bayon etdi.
– Davlatingiz rahbarining kuchli liderlik fazilatlari, keng qamrovli dunyoqarashi va Markaziy Osiyodagi strategik o‘rnini yaqindan his etdim, – dedi Santyago Penya. – U kishi dono siyosatchi, qat’iyatli rahbar va xalq manfaatini ustuvor qo‘yadigan davlat arbobidir. O‘zi belgilagan maqsadlarni amalga oshirishda fidoyilik va talabchanlikni namoyon etadi.
Yurtingizdagi innovatsion loyihalar va infratuzilmaviy o‘zgarishlar e’tiborga molik. Olimpiya shaharchasi va boshqa ob’ektlardagi yangiliklar menda katta taassurot qoldirdi. Bu haqiqatan ham o‘ziga xos, rivojlanish sari dadil intilayotgan yurt.
Shavkat Mirziyoyev bilan o‘rnatayotgan hamkorlik nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki o‘zaro bog‘liq mintaqalarimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ishonch bilan ayta olaman, bu munosabatlar mustahkam, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikning poydevoriga aylanadi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA