O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Barqaror energetika – Yangi O‘zbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” mavzusidagi anjumandagi nutqi
Hurmatli do‘stlar!
Xonimlar va janoblar!
Bugun sizlar bilan yirik generatsiya quvvatlarini ishga tushirish va yangilariga start berish marosimida uchrashib turganimizdan behad mamnunman.
Ishonamanki, “Barqaror energetika – Yangi O‘zbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” deb nomlangan anjumanimiz nafaqat energetika tarmog‘i rivoji, balki mamlakatimizning barqaror taraqqiyoti yo‘lidagi yana bir ulkan amaliy qadam bo‘ladi.
Bugun jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz. Biz bu yo‘nalishda ikkita muhim maqsadga erishishni asosiy vazifa qilib belgilaganmiz.
Birinchisi, barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish.
Ikkinchisi esa ana shu rejamizni zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalar hisobidan amalga oshirishdir.
Ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017 yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. E’tiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi bu yil 30 foizga yetkaziladi.
Bundan tashqari, xususiy sektor, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida 2 ming megavattli kichik quyosh panellari o‘rnatildi. Ularda shu yilning o‘zida qo‘shimcha ravishda 2 milliard kilovatt-soatga yaqin muqobil energiya ishlab chiqarildi. Shuningdek, hududlarda 69 ming kilometr elektr tarmoqlari, 14 mingta transformator va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yangilandi.
Sohadagi bunday o‘zgarishlar mahalliy korxonalar rivojiga ham katta turtki bermoqda. Ushbu korxonalar tomonidan yangi qurilayotgan elektr stansiyalari va tarmoqlariga yil boshidan buyon 700 million dollarlik qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel o‘tkazgichlar, elektr qurilmalari yetkazib berildi, loyihalash-injiniring va qurilish xizmatlari ko‘rsatildi.
Birgina misol. Norin kaskad gidroelektr stansiyasining 38 megavattli ilk gidroelektr stansiyasi to‘liq mahalliy mahsulotlardan foydalangan holda ishga tushirildi.
Soha rivojiga xizmat qiladigan qurilish, elektrotexnika va servis korxonalarimiz kelgusida xalqaro standartlarga javob beradigan yirik milliy kompaniyalarga aylanishiga albatta ishonaman.
Shu ma’noda, bugun ishga tushirilayotgan va yiliga 15 mingta transformator ishlab chiqaradigan “Angren energo” hamda 155 ta gidroagregat tayyorlab beradigan “Uzhydopower” korxonalari katta istiqbolga ega, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Qadrli mehmonlar!
Energetika sohasida erishayotgan ulkan yutuq va marralarimizda sizlar kabi salohiyatli investorlar va ishonchli sheriklarimizning beqiyos hissasi bor.
Fursatdan foydalanib, yurtimizga katta sarmoya kiritayotgan va eng ilg‘or texnologiyalarni olib kelayotgan Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy janoblariga, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor janoblariga, Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Oktay o‘g‘li janoblariga, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev janoblariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Turkiyaning “AKSA”, “Cengiz Enerji”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, Xitoyning “China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC”, “Eagle Ray”, Fransiyaning “EDF”, “Voltalia”, “Total Energies”, Germaniyaning “Siemens Energy” va Qatarning “Nebras” kompaniyalariga, bundan tashqari, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa moliya institutlari vakillariga chuqur tashakkurimni izhor etaman.
Aziz do‘stlar!
Bugun sizlar bilan birga soha rivojiga juda katta hissa qo‘shadigan, qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushiramiz. Yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beramiz. Xususan, hududlarimizda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiyalar foydalanishga topshiriladi.
Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkazamiz. E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi deganidir.
Eng muhimi, toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
Bugun 1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimini ham ishga tushiryapmiz. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.
Hozir foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Albatta, biz erishgan natijalarimiz bilan to‘xtab qolmaymiz. Kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratamiz.
Aholiga qulay shart-sharoit yaratish uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari va boshqa hududlarda 800 mingdan ortiq xonadonli, energiya tejamkor ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi.
AT, sun’iy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yo‘nalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy super kompyuter klasteri va data-markazlar sonini ko‘paytiramiz.
Ayni paytda Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi 3 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 500 megavattli data-markaz qurish bo‘yicha ishlarni boshlaganini aytib o‘tmoqchiman.
Bunday keng ko‘lamli ishlarimiz elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi. Shu bois, yaqin kelajakdagi rejalarimizga qisqacha to‘xtalib o‘taman.
Birinchidan, elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushiriladi.
Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushini 54 foizga yetkazamiz. Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida qiymati 3 milliard 300 million dollar bo‘lgan 3,5 ming megavattli “yashil” quvvatlarga start berilayotgani bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ladi.
Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi. Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoqlar o‘tkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.
Ikkinchidan, biz elektr energiyasi generatsiyasi yo‘nalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etishda katta tajriba orttirdik.
Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qo‘llashni boshladik. Xususan, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Turkiyaning “Aksa Electric” kompaniyasi bilan kelishuvga erishdik. Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yo‘qotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili o‘rtacha 20 million dollar tejaladi.
Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027 yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvini ham investorlarga taklif etamiz.
Uchinchidan, aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarimizni jadal davom ettiramiz.
Yangi yilda Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi. Bu ijtimoiy loyiha keng joriy etilib, 30 mingta kambag‘al oilaga “yashil” energiya kirib boradi. Ular o‘z ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.
Tadbirkorlarimiz ham suv resurslaridan unumli foydalanib, bu yil 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurdilar. Natijada 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va ular qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishdi.
Kelgusi yilda 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi. Ushbu loyihalar hisobiga 80 mingta xonadonda elektr ta’minoti tubdan yaxshilanadi.
To‘rtinchidan, yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Ya’ni 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.
Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “ICRAFT” loyihasini boshladik. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Bunda karbon krediti tizimini yo‘lga qo‘yib, xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini amalga oshirishga kirishdik.
Ta’kidlash o‘rinliki, shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonamiz “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Ular ishlab chiqarishning 30 foizini “toza” energiyaga o‘tkazgani hisobiga xalqaro bozorlarda mahsulotlarining jozibadorligi keskin oshmoqda. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning sonini 100 taga yetkazamiz.
Beshinchidan, so‘nggi yillarda generatsiya quvvatlarini sezilarli ravishda ko‘paytirganimiz hisobiga qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklikni mustahkamladik.
Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz.
Shu o‘rinda Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil yo‘lak” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etmoqchiman.
Qadrli tadbir ishtirokchilari!
Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini albatta to‘liq barpo etamiz.
So‘zimning yakunida mazkur loyihalarda faol ishtirok etayotgan energetika sohasi vakillariga, barcha ishchilar, muhandislar va xorijlik hamkorlarimizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.
Barchangizga sihat-salomatlik ulkan kuch-g‘ayrat va omadlar tilab qolaman.