Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi

28

Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi ob’ektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zladi.

–Biz elektr energiyasi generatsiyasi yo‘nalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etishda katta tajriba orttirdik.

Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qo‘llashni boshladik, – dedi Prezidentimiz.

Xususan, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Turkiyaning “Aksa elektrik” kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi.

Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yo‘qotishlarni bosqichma-bosqich ikki barobarga kamaytiradi. Natijada har yili o‘rtacha 20 million dollar tejaladi.

Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027 yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.

O‘zA