Tashrifdan natijagacha – hududiy rivojlanishning yangi modeli
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot tamoyillari asosidagi islohotlarning siyosiy maqsadi – hududlarni iqtisodiy jihatdan mustaqil, innovatsion jihatdan raqobatbardosh va aholi uchun munosib hayot sharoiti yaratilgan markazlarga aylantirishdan iborat. So‘nggi yillarda Jizzax viloyatida amalga oshirilgan keng qamrovli sanoatlashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish dasturlari mazkur strategiyaning o‘ziga xos “amaliy laboratoriyasi” bo‘ldi.
2025 yilgi ijro natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyat iqtisodiyotida tub sifat o‘zgarishlari yuz bergan. Qisqa muddatda “tashrifdan – tashrifgacha” bo‘lgan ijro intizomi samarasi o‘laroq, Jizzax agrar hudud maqomidan industrial-agrar rivojlanishning yetakchi mintaqalari qatoriga ko‘tarildi. Tahlillarga ko‘ra, Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida umumiy qiymati 662 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 200 dan ortiq loyihalarning ishga tushirilishi – bu hududiy investitsion siyosatning naqadar samarali ekanini isbotlaydi. Biroq, bu jarayonning strategik mohiyati raqamlarda emas, balki Zomin texnoparki misolida aks etadi.
Zomin texnoparki davlat siyosiy irodasining ijrosi sifatida 400 gektar maydonda, Xitoyning yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda 1 milliard 200 million dollarlik 31 ta yirik loyihani o‘z ichiga oldi. Bu nafaqat investitsiya oqimi, balki yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni lokallashtirish siyosatining amaliy ifodasidir. “Artel Electronics”, “Climate Ease” (Midea) kabi kompaniyalarning sovutgich, kir yuvish mashinalari va boshqa maishiy texnika turlarini ishlab chiqarishga kirishishi Jizzaxni O‘zbekistondagi elektrotexnika sanoatining asosiy xabiga aylantirmoqda. Bunday yirik ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi orqali 140 million dollarlik eksport salohiyati va 7 minggacha yangi ish o‘rinlarining yaratilishi ko‘zda tutilgani islohotlarning iqtisodiy-ijtimoiy zaminini mustahkamlaydi.
Iqtisodiyotning yana bir ustuvor yo‘nalishi – qishloq xo‘jaligida suv resurslarini tejaydigan innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi va klaster tizimining chuqurlashtirilishi o‘zining tarixiy samarasini berdi. G‘allakorlar rejani 101,1 foizga bajarib, 243 ming tonnadan ziyod hosil yetishtirishdi. Mazkur davrning eng muhim agrar yutug‘i – bu paxtachilikda kuzatilgan rekord natijalardir. Bir qator fermer xo‘jaliklarida har gektardan 90 sentnerdan ortiq paxta hosilining olinishi – O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan ko‘rsatkichdir. Bu natijalar qishloq xo‘jaligi siyosatining ilmiy yondashuvga va yuqori samaradorlikka asoslanganligini tasdiqlaydi. Qolaversa, g‘alladan bo‘shagan maydonlardagi takroriy ekindan 45 sentnerdan paxta hosili olish amaliyoti yerdan foydalanish samaradorligini keskin oshirgan holda, aholi daromadlarining barqaror o‘sishiga zamin yaratdi.
Davlat investitsiyalari hisobiga amalga oshirilgan infratuzilmaviy loyihalar viloyat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Arnasoy tumanidagi yangi aeroport qurilishining yakunlanishi Jizzaxning transport-logistika salohiyatini oshirgan bo‘lsa, “Aydarko‘l Resort” ekoturizm majmuasining ochilishi mintaqaning turizm geografiyasini kengaytirdi. Natijada, viloyatga 500 mingdan ortiq xorijiy sayyohning tashrifi ta’minlanib, turizm xizmatlari eksporti 75 million dollardan ortiq ko‘rsatkichga yetdi. Bu, xizmatlar sohasi hajmining respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori darajada o‘sishi bilan birgalikda, viloyat iqtisodiyotining faqat sanoat va qishloq xo‘jaligiga bog‘liq bo‘lmagan barqarorligini kafolatlaydi.
Tahlil qilingan natijalar Jizzax viloyatidagi islohotlarning tizimli, izchil va siyosiy irodaga tayangan holda amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Investitsiyalar oqimining ko‘payishi, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqdi.
Aholining o‘rtacha daromadi yildan yilga o‘sayotgani iqtisodiy siyosatning pirovard maqsadi – “Inson qadri uchun” tamoyilining mohiyatini amalda isbotlaydi Zominda barpo etilayotgan yirik elektrotexnika va sanoat majmualari, qishloq xo‘jaligidagi rekord natijalar kelgusida nafaqat viloyat, balki butun O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yil Jizzax viloyati uchun tom ma’noda yuksalish yili bo‘ldi. Prezident tashriflari chog‘ida belgilangan vazifalarning tizimli ijrosi hududni xomashyo bazasidan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlovchi zamonaviy sanoat xabiga aylantirdi. Jizzax tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni mahalliylashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish orqali qisqa muddatda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish mumkin.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA