O‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi

Har yili bir million tojikistonlikning O‘zbekistonga, bir million o‘zbekistonlikning Tojikistonga tashrif buyurishi ikki xalq o‘rtasidagi chin do‘stlik, ishonch va qardoshlikning alohida siyosiy ko‘rsatkichi sanaladi.
Bugun mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi. Davlatimiz rahbari o‘z missiyasini boshlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.
Marosimdan so‘ng Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Nasriddin ISMATULLO o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– O‘zbekiston xalqiga va Prezident Janobi oliylariga yuksak darajadagi samimiy va do‘stona qabul uchun qalban minnatdorlik bildiraman. Bugungi uchrashuv va muloqotlar nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki butun mintaqaning barqaror va izchil rivoji uchun ulkan siyosiy ahamiyatga ega.
Elchining ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklikning yuqori bosqichiga ko‘tarilgan. Biroq oldinda davlat rahbarlari belgilagan yanada katta siyosiy, iqtisodiy va geostrategik vazifalar turibdi. Ularning ijrosi ikki mamlakat rivojlanishi va integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan aniq siyosiy dastur hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, har yili bir million tojikistonlikning O‘zbekistonga, bir million o‘zbekistonlikning Tojikistonga tashrif buyurishi ikki xalq o‘rtasidagi chin do‘stlik, ishonch va qardoshlikning alohida siyosiy ko‘rsatkichi sanaladi.
Toshkentda Tojikiston elchixonasining yangi majmuasini barpo etish ham ana shu chuqur hamkorlikning ramzi deyish mumkin. Bu ikki davlat munosabatlarining yanada mustahkamlanayotganidan darak beradi.
Shuningdek, transport va logistika sohasidagi integratsiya ham siyosiy mazmun kasb etmoqda. Toshkent – Dushanbe yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovning kuniga ikki marta amalga oshirilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi ochiqlik va muloqotni kuchaytiruvchi muhim qadam bo‘ldi. Yaqin kelajakda yangi yo‘nalishlar ochilishi esa mintaqa mobilligini oshirishda strategik ahamiyatga ega bo‘ladi.
Umuman, bugun belgilangan vazifalar va kelishuvlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi siyosiy sheriklikni yangi, yuqori bosqichga olib chiqadigan uzoq muddatli strategiya sifatida baholanmoqda. Mazkur maqsadlar ijrosiga qat’iy bel bog‘laganman.
O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.