Aleksey YeRXOV: davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash men uchun sharaf

27 noyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi. Davlatimiz rahbari o‘z missiyasini boshlayotgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.
Marosimdan keyin Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey YeRXOV o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Bugun men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi oliylariga Rossiya Federatsiyasining elchisi sifatida vakolatlarimni tasdiqlovchi ishonch yorliqlarini topshirdim. Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigini mustahkamlash men uchun yuksak sharaf va ulkan mas’uliyat.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi izchil siyosiy muloqot, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash kabi masalalar nafaqat dolzarb, balki strategik ahamiyatga ega. Mamlakatlarimiz ichki va tashqi siyosatda ishonch, tenglik va o‘zaro hurmat prinsiplari asosida sheriklikni yangi bosqichga chiqarish bo‘yicha qat’iy irodaga ega.
O‘zbekistonning barcha vazirlik va idoralari, hukumat va parlament institutlari bilan yaqin va samarali muloqot olib borishni niyat qilganman. Biz birgalikda strategik sheriklikni yanada kuchaytirish, iqtisodiy integratsiya imkoniyatlarini kengaytirish, gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda ikki davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi yangi siyosiy tashabbuslarni amalga oshirishga intilamiz.
Ikki mamlakatning do‘stligi va bir maqsad sari intilishi bugungi geosiyosiy sharoitda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Missiyam davomida ushbu strategik yo‘lni yanada rivojlantirishga bor kuch va tajribamni yo‘naltiraman.
O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.