Industrial sakrash: O‘zbekistonning xomashyodan texnologiya eksportiga o‘tish jarayoni jadal bormoqda

32

Biz kimdandir tayyor texnologiyani sotib olib yoki uni boshqalarga yana sotib yursak hech qachon kutganimizdek rivojlanmaymiz. Agar uni o‘zimiz ishlab chiqara boshlasak daromadimiz ham yuqori bo‘ladi, dunyoda bizni hurmat qiladiganlar ham ko‘payadi. Hozir bu borada qaysi yo‘ldamiz?

Kasbimiz taqazosi bilan Yashnobod tumanidagi elektrotexnika texnoparkida bir necha bor bo‘lganman. U yerda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar, jumladan, xalqaro darajadagi brend kompaniyalar texnologiyasi asosida tayyorlanayotgan texnika namunalarini ko‘rganmiz.

So‘zimiz boshidagi fikrlar ham shu texnoparkda ishlayotgan yosh mutaxassislar bilan suhbatimiz jarayonida tug‘ilgan edi.

Bir qarashda bu fikrlar oddiy hayotiy kuzatuv asosida tug‘ilganday tuyuladi. Lekin bu manzara ortida butun mamlakat iqtisodiyotidagi ulkan o‘zgarishlar ifoda etiladi. Yangi sanoat bosqichi, yuzlab zavod va minglab ish o‘rinlari ochilmoqda. Elektrotexnika sanoati rivoji bu sifatli mahsulot, yuqori eksport ko‘rsatkichi degani. Bu yana yangi mutaxassislar avlodi, yangi ishlab chiqarish madaniyati, yangi bozorlar va yangi imkoniyatlar demakdir.

Hech mubolag‘asiz, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sanoat siyosati bugun yangi bosqichga kirdi. Mamlakat o‘z tarixida ilk bor xomashyoga emas, yuqori texnologiyali mahsulotlarga tayanadigan barqaror iqtisodiy model sari qadam tashlayapti. Bu jarayonning eng muhim tarmoqlaridan biri elektrotexnika sanoati sanaladi. Bugungi kunda u nafaqat ishlab chiqarish hajmi, balki eksport, investitsiya va texnologik rivojlanish darajasi bo‘yicha mamlakat iqtisodiyotining lokomotiviga aylanib bormoqda.

Qurilmalar, butlovchi qismlar, elektr jihozlari, elektronika, avtomatika vositalarining barchasi jahon bozorida eng yuqori talabga ega mahsulotlardir. Bu mahsulotlardagi qo‘shilgan qiymat darajasi 5-10 barobargacha yuqori bo‘ladi. Ayni paytda O‘zbekiston ham ana shu mustahkam zanjirga qo‘shilib, o‘z sanoatida muammolarni emas, imkoniyatlarni ko‘rayotgan davlatga aylanyapti.

Buni raqamlar ham tasdiqlaydi. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga oshib, 34 trillion so‘mga yetdi. Bu tarmoqdagi tub burilishdir. Jarayon zavod va fabrikalarning ishga tushishi, yangi mahsulot turlarining o‘zlashtirilishi, eng muhimi, bozorda raqobatbardosh milliy brendlarning paydo bo‘lishidan darak. Eksport ham yuqori sur’atda o‘smoqda. 970 million dollarlik tashqi bozor faoliyati bu sohaning eksport potensiali yuqori ekanini ko‘rsatadi.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi, – deydi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov, – Prezidentimiz barcha sohalarda raqobat kuchayayotgan bir davrda, dunyo iqtisodiyotida tebranishlar kuzatilayotgan sharoitda bu sohani rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. Erishilgan yutuqlar hali asosiy bosqichning boshlanishi ekanini yaxshi anglab turibmiz. Tarmoqdagi eng katta imkoniyatlar chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, elektronika va yarim o‘tkazgichlar sohasiga kirib borish kabi yo‘nalishlarda yaqqol ko‘rinadi.

Bugun misning eksport hajmi katta bo‘lsa-da, uning 60 foizigina yuqori qiymatli tayyor mahsulotlar ko‘rinishida sotilyapti. Demak, tarmoqda yuzlab million dollarlik qo‘shimcha potensial hali ochilmagan holda turibdi.

Shu maqsadda mamlakatda qator qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilmoqda. Maxalliy ishlab chiqaruvchilar uchun soliq va bojxona yengilliklari, kredit foizlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanishi, misni xarid qilishda chegirmalar berilishi e’tiborga molik. Bu tarmoqqa yangi quvvat, yangi imkoniyat, yangi bozor eshiklarini ochyapti. Endi ishlab chiqaruvchi korxona faqat xomashyo sotayotgan emas, balki yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqarayotgan davlat bilan raqobatga kirishmoqda.

Yurtimizdagi sanoat platformalari sanalgan texnoparklar bu jarayonda alohida o‘rin tutadi. Hududlardagi maxsus elektrotexnika texnoparklari ishlab chiqarish, tadqiqot va tajriba sinovlarini bir joyda birlashtiradi. Innovatsion ekotizim yaratmoqda. Bu yerda hozircha o‘rta darajadagi mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa-da, keyingi bosqichda serverlar, sanoat robototexnikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-o‘lchov uskunalari, smart-kartalar va boshqa yuqori texnologiyali tovarlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Umuman olganda, bu yo‘nalishdagi 157 ta yirik loyiha qiymati 2,1 milliard dollarga teng bo‘lib, ular orqali 14,5 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.

Jahon tajribasiga nazar tashlasak, rivojlangan mamlakatlar elektrotexnika sanoati orqali iqtisodiy mo‘’jizaga erishganini ko‘ramiz. Janubiy Koreya o‘z taraqqiyotini aynan shu tarmoqdan boshlagan. Malayziyada elektrotexnika va elektronika sanoati bir necha yuz minglab ish o‘rni yaratgan. Turkiya elektr maishiy texnikada Yevropadagi yetakchi ta’minotchilardan biriga aylangan. Ulardagi umumiy xususiyat xomashyo emas, yuqori texnologiyalar asosidagi sanoatga tayanishdir. O‘zbekiston ham xuddi shu yo‘ldan ketmoqda.

Bu jarayonda eksport infratuzilmasi ham alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston standartlar institutining Xalqaro elektrotexnika komissiyasiga to‘liq a’zo organ sifatida qabul qilinishi milliy sertifikatlarimiz 53 davlatda tan olinishini ta’minladi. Bu eksport uchun misli ko‘rilmagan darvoza ochilgani demakdir. Shuningdek, mahsulotlarimizga Yevropa standartlariga mos “CE” belgisi berilishi ham tashkil etilmoqda. Bu esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika tovarlarining Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.

Bir qarashda bu g‘oyalar katta millionlar, milliardlar haqidagi oddiy hisobdek tuyulishi mumkin. Lekin bu raqamlarning har biri orqasida minglab ish o‘rinlari, mahalliy mutaxassislar malakasi oshishi, yangi kasblar, yangi texnologiyalar, farzandlarimiz uchun yangi imkoniyatlar yotadi. Elektrotexnika sanoati rivojlansa, o‘quvchilar injener bo‘lishga intiladi, Talabalar innovatsiya bilan shug‘ullana boshlaydi, Tadbirkorlar startap ochadi, hududlardagi texnoparklar ishlaydi, Eksport siyosati tubdan yangilanadi. Ya’ni bu tarmoqning ta’siri faqat iqtisod emas, balki butun jamiyatning kelajak salohiyatini belgilaydi.

Sanoatning bu yo‘nalishini rivojlantirish nafaqat bizga iqtisodiy o‘sish beradi, balki mamlakatning dunyoga integratsiyasini ham tezlashtiradi. O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning elektrotexnika va elektronika markaziga aylantirish uchun barcha asoslar bor.

Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi