Mutasaddilarga ishlarni nazorat qiladigan onlayn platformani ishga tushirish topshirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
–Umuman, mahalladagi odamlar qachon pul kelishi, qanaqa o‘zgarishlar bo‘lishi, qancha ish o‘rni yaratilib, qancha oilaning daromadi oshishini bilishi kerak, – dediPrezidentimiz.
Shu bois, mutasaddilarga bu ishlarni nazorat qiladigan onlayn platformani ishga tushirish topshirildi.
“2026 yilda loyihaviy yondashuv asosida hududlarda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish” bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi.
–Yana bir marta takrorlayman, ulkan maqsadlarni mablag‘i bilan boshlayapmiz. Vazirlar, ularning hududiy boshqarma va bo‘limlari, viloyat va tuman hokimlari, eng asosiysi, “mahalla yettiligi” ishga qattiq kirishmasa, o‘zgarish bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bosh vazirga bugungi topshiriqlarni vazir va hokimlarga 2026 yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida belgilab berish topshirildi.
Yig‘ilish davomida hudud va tarmoqlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlarning fikr-mulohazalari tinglandi.
O‘zA