Iqtisoddan madaniyatgacha – O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligida yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

67
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 16-17 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston aloqalari tarixiy qardoshlik va madaniy yaqinlik an’analariga suyangan holda shakllangan.

Ikki xalq orasidagi qalb ochiqligi va o‘zaro hurmat har doim sezilib turadi. Bu, xususan, davlatlararo siyosatda, chegara hududlaridagi oddiy odamlarning kundalik muloqotida, bir-birini qo‘llab-quvvatlash madaniyatida yaqqol namoyon bo‘ladi.

So‘nggi yillarda ijobiy dinamika yanada jonlandi. Shunchaki raqamlar yoki rasmiy ko‘rsatkichlar emas ikki mamlakatning manfaatlari mushtarakligi ifoda etilmoqda. Savdo aylanmasi jadal o‘sishi, qo‘shma loyihalar ko‘payishi, transport va logistika yo‘nalishlarining faol rivojlanishi o‘zaro ishonch va ochiqlikning amaliyotdagi aksidir.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Turkmaniston munosabatlari Markaziy Osiyoda barqarorlik, yaqinlik va birdamlikni ta’minlovchi muhim tayanch nuqtalardan biriga aylanib bormoqda.

Ushbu davlat tashrifi so‘nggi yillarda namunali tus olgan O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

Barcha sohalarda erishilayotgan ijobiy sur’at va faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, shuningdek, madaniy tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Tashrif arafasida Urganch hamda Toshkentda o‘tkazilgan Turkmaniston madaniyati kunlari va filmlari namoyishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi oshdi. Yuk tashish ortib bormoqda, jumladan, Turkmanboshi portidan foydalanish faollashgan.

Muzokaralarda o‘zaro savdoni ko‘paytirish va sanoat, energetika, transport, mashinasozlik, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida samarali kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hududlararo almashinuvlarni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari kengaytirilgan tarkibda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi Turkmaniston Prezidentining davlat tashrifi ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari mustahkamligining yaqqol tasdig‘i ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Savdo, transport, energetika, suv xo‘jaligi va boshqa muhim sohalarda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berildi.

– Shubhasiz, ushbu yutuqlarda Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedovning ulkan hissasi bor, – dedi Prezidentimiz.

Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki baravarga ko‘payib, 1 milliard dollardan oshdi. Mahsulotlar turini kengaytirish va erkin savdo rejimidan samarali foydalanish orqali bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

“Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi ham tovar ayirboshlashni ko‘paytirishga xizmat qiladi. Ushbu tajribani boshqa manzillarda, birinchi navbatda, “Olot-Farab” hududida qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa talab yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarga biznesni faol jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Energetika sohasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yanada kengroq loyihalarga o‘tish, shu jumladan, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kelishib olindi.

Transport sohasi ikki mamlakat iqtisodiyotlarini bog‘laydigan muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Yuk tashish hajmi o‘sib bormoqda, bojxona-logistika tartiblari soddalashtirilmoqda. Tomonlar Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashga kelishib oldilar.

Erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash uchun yil oxirigacha Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari o‘tkaziladi.

Yetakchilar gumanitar soha ko‘p qirrali aloqalarning mustahkam poydevori ekanligiga urg‘u berdilar.

Hamkorlik sur’atini saqlab qolish uchun tomonlar o‘zaro konsertlar va teatrlarning ijodiy safarlarini muntazam ravishda o‘tkazish, Xivada Yoshlar forumini tashkil etish va birgalikda filmlar ishlab chiqarish amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar.

Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani borasidagi almashinuvlar faollashadi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berdilar.

Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov “Shovot-Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlarining ma’muriy binolari, savdo paviloni va omborlar joylashgan.

Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, interfaol tizimlar, bank, tibbiyot va mehmonxona xizmatlari uchun zarur infratuzilma, shuningdek, katta avtoturargoh ham tashkil etilgan.

Zona faoliyati umumiy aholisi 3,5 milliondan ziyod bo‘lgan ikkita muhim hudud – O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Turkmaniston Prezidentining ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi yutuqlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi.

– Siz otangiz, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Mamlakatingizda xalq farovonligini ta’minlash uchun ishonchli poydevor yaratayotgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda Turkmanistonda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” hamda mamlakat Betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan yirik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Serdar Berdimuhamedovning ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini kengaytirishga qo‘shgan hissasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy va hamkorlik aloqalarining har tomonlama rivoj topayotganidir. Ulkan loyiha – “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi. Energetika, transport va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.

Mazkur mukofot mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ramziga aylanishi qayd etildi. O‘z navbatida, Turkmaniston Prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga yuksak e’tirof uchun minnatdorlik bildirdi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish qat’iy ekanini ta’kidladi.

Samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Qo‘shma bayonot imzoladilar.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari huzurida quyidagi ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi:

– O‘zbekiston – Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma;

– Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;

– Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim;

– Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;

– Xalqaro avtomobilda yo‘lovchi va yuk tashish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma;

– Adliya vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

– Madaniyat sohasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

– Neft mahsulotlari va suyuq kimyoviy yuklarni tashish uchun temir yo‘l vagonlarini yetkazib berish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;

– Biologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro munosabatlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Turkmaniston ekspertlar kengashini tuzish to‘g‘risidagi memorandum;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya instituti o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;

– O‘rmon xo‘jaligi sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

– Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan Lebap viloyati hokimligi, Toshkent viloyati hokimligi bilan Axal viloyati hokimligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan Toshhovuz viloyati hokimligi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Prezidentimiz ushbu tarixiy davlat tashrifi qardosh mamlakatlarimizning strategik sherikligini yanada mustahkamlab, uni yangi marralarga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalarda birgalikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Bunda bugun ishga tushirilgan “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi alohida o‘rin tutadi. Tomonlar ushbu tajribani boshqa chegaraoldi hududlarda, eng avvalo, “Olot-Farob” hududida qo‘llash niyatida.

Mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish maqsadida hukumatlarga avtomobil, temir yo‘l va dengiz orqali tashuvlarni rivojlantirish, Turkmanboshi xalqaro dengiz portidan birgalikda foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Energetika masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Elektr energiyasining yetkazib berilishi va tranziti bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki mamlakat hududida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida qat’iy intilish borligi ta’kidlandi.

Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantiradilar.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – hududlararo hamkorlik. Buxoro va Turkmanobod shaharlarida hududlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yaqinda Xivada ikki mamlakatning barcha viloyatlari ishtirokida uchinchi forum bo‘lib o‘tadi.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishildi.

Kuni kecha Toshkent shahrida o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvining yakunlari mintaqada integratsiya jarayonlari va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Yakunda hamkorlikni jadal rivojlantirish, qardosh mamlakatlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida ulkan natijalarga erishishga o‘zaro intilish qat’iy ekani tasdiqlandi.

Shu kuni Oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratildi. Ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan Mustaqillik monumenti Turkmaniston Prezidenti va delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Serdar Berdimuhamedovni “Toshkent-Xumo” xalqaro aeroportida kuzatib qo‘ydi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari