Markaziy Osiyo: birdamlik va yangi taraqqiyot ufqlari

39

Munosabat

​Markaziy Osiyo mintaqasi XXI asrning global geosiyosiy va iqtisodiy kontekstida o‘ziga xos ahamiyatga ega. Geosiyosiy raqobatning kuchayishi, transchegaraviy tahdidlar va integratsiya jarayonlarining tezlashishi mintaqaviy hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarishni talab etmoqda.

Bugungi kunda mintaqa mamlakatlari xavfsizlik, iqtisodiyot, ekologiya va gumanitar sohalarda o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirishga majburdir.

​Mintaqaviy barqarorlikning asosi sifatida hamkorlikning ixtiyoriy, pragmatik va xalqlar manfaatiga yo‘naltirilgan shakllari dolzarbdir. Shu bois, mintaqaviy institutlarni mustahkamlash, xavfsizlik salohiyatini oshirish, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va inson kapitalini rivojlantirish asosiy strategik vazifalarga aylanmoqda.

​O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida» sarlavhali maqolasi aynan shu muammolar va ularning amaliy yechimlariga bag‘ishlanadi.

​​Prezidentimiz maqolasida mintaqaviy hamkorlikning yangi davri quyidagi asosiy jihatlar orqali ochib berilgan:

​1. Mintaqaviy hamkorlikning yangi formati: 

​2017 yilda yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari tarixiy burilish yasadi. Ushbu muntazam muloqot ishonch va ochiqlikka asoslangan yangi siyosiy tafakkurning timsoliga aylandi.

​Natijada chegara masalalari o‘z yechimini topdi.

​Suv-energetika sohasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi (Qambarota GES-1 kabi loyihalar).

​Gumanitar aloqalar mustahkamlandi (ID-karta asosida erkin o‘tish, madaniy almashinuv).

​2. Iqtisodiy o‘sish va strategik qarash: 

​2024 yilda Ostona sammitida qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” konsepsiyasi hamkorlikning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilab berdi.

​Mintaqada yalpi ichki mahsulot 520 milliard dollarga yetdi.

​O‘zaro savdo hajmi ikki barobarga oshdi, investitsiyalar esa 5,6 barobarga oshdi.

​Bu raqamlar Markaziy Osiyo iqtisodiy uyg‘onish davrini boshdan kechirayotganini ko‘rsatadi.

​3. Qo‘shnichilik — imkoniyat

​uzoq yillar “raqobat maydoni” sifatida ko‘rilgan mintaqa bugun hamkorlik va birdamlik makoni sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlatlar o‘zaro ishonchni mustahkamlab, “ko‘priklar” barpo etmoqda. Qo‘shma sanoat zonalari, savdo markazlari va transport yo‘laklari mintaqani yagona iqtisodiy makon sifatida bog‘lamoqda.

​4. Xalqaro maydonda yagona ovoz: 

​Mintaqaviy jipslashuv natijasida Markaziy Osiyo xalqaro siyosatda mustaqil sub’ekt sifatida tan olinmoqda. “Markaziy Osiyo +” formatlari mintaqaning global siyosatda yagona va barqarorlik markazi sifatida e’tirof etilishiga xizmat qilmoqda.

​5. Afg‘oniston masalasi: 

​Prezident Mirziyoyevning ta’kidlashicha, “Afg‘oniston mintaqaning cheti emas, balki tabiiy qismi”dir. Transafg‘on temir yo‘li kabi loyihalar hamda gumanitar yordam ko‘rsatish tashabbuslari Afg‘onistonni tinchlik va taraqqiyot makoniga aylantirishga qaratilgan. Bu Markaziy Osiyoning janubiy chegaralarida barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

​6. Demografik imkoniyat:

​Mintaqaning 80 millionlik aholisi 2050 yilga borib 100 milliondan oshishi kutilmoqda. O‘rtacha yosh — 29 yil. Bu demografik salohiyatni innovatsiya va iqtisodiy o‘sish drayveriga aylantirish uchun yoshlar salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish muhimdir.

​​Markaziy Osiyoda hamkorlik quyidagi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ham muhim ahamiyat kasb etadi:

​Mintaqaviy institutlarni mustahkamlash: Institutlar amaliy natijalarga yo‘naltirilgan tizimli mexanizm bo‘lishi, qonunchilikni muvofiqlashtirish zarur.

​Xavfsizlikni mustahkamlash: “Xavfsizlikning bo‘linmasligi” prinsipi asosida terrorizm, kiberxavfsizlik va transchegaraviy jinoyatlarga qarshi kurashda birlashgan pozitsiya egallash.

​Iqtisodiy integratsiya va savdo: Savdo va transport tizimlarini soddalashtirish, qo‘shma sanoat klasterlarini yaratish orqali mintaqaviy iqtisodiy o‘sishni ta’minlash.

​Ekologik barqarorlik: Iqlim o‘zgarishlariga moslashish, suv resurslarini asrash, “yashil” energetika va kam uglerodli texnologiyalarni rivojlantirish.

​Inson kapitalini rivojlantirish: Ta’lim, ilm-fan, madaniyat va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlik qilish orqali xalqlar o‘rtasidagi anglashuvni mustahkamlash.

​​Bu yondashuv suverenitet, tenglik va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga tayangan holda rivojlanishning haqiqiy kafolatidir.

Bugungi Markaziy Osiyo — bu o‘z manfaatlarini aniq anglagan, kelajagini birgalikda qurayotgan birdam mintaqa. Prezident maqolasidagi g‘oyalar mintaqaning istiqboldagi harakat yo‘nalishlarining aniq dasturidir.

​Firuza Muxitdinova, 

yuridik fanlar doktori, professor