O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sheriklar hamda taraqqiyot yo‘lidan birgalikda borayotgan ishonchli ittifoqchilardir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 15 noyabr kuni ikki davlat yetakchilari o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sheriklar hamda taraqqiyot yo‘lidan birgalikda borayotgan ishonchli ittifoqchilardir. Bu ikki davlat rahbarlarining mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish borasidagi qarashlari o‘zaro mos kelayotganini ko‘rsatadi.
Transport-kommunikatsiya yo‘laklarini shakllantirish, energetik hamkorlikni chuqurlashtirish, ekologiya masalalarida hamjihat pozitsiya shakllanishi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilganining amaliy isbotidir. Bu yo‘nalishlarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar nafaqat ikki tomonlama manfaatni, balki butun mintaqa uchun strategik ahamiyatni ifodalaydi.
Iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik ham izchil o‘smoqda. Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlar amaliy qadamlar bilan mustahkamlanmoqda.
Ushbu davlat tashrifi O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari tarixida yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Toshkentda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumi, Qozog‘iston tibbiyoti kunlari, qozoq filmlari namoyishi, Ostona kunlari va bir qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yilning o‘tgan davri mobaynida tovar ayirboshlash sezilarli darajada o‘sdi. Yuk tashish hajmi ortmoqda, shaharlar o‘rtasida haftasiga 40 dan ortiq aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda 6,5 mingta qo‘shma korxona tashkil etildi va ustuvor tarmoqlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun 8 milliard dollardan ortiq qiymatdagi loyihalar portfeli tayyorlandi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish taklif qilindi.
Muzokaralar davomida energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat hududlari rahbarlarining birinchi Kengashini 2026 yilda Qozog‘istonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha ham fikr almashdilar.
Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari 2024 yilda ta’sis etilgan Oliy davlatlararo kengash formati o‘zining dolzarbligi va samaradorligini ko‘rsatganini ta’kidladi.
– Munosabatlarimiz bugungi kunda eng yuqori – strategikшyerиклик va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini, ikki tomonlama salohiyatdan foydalanish yo‘llarini batafsil muhokama qildilar va O‘zbekiston – Qozog‘iston sherikligini kengaytirishga sezilarli turtki beradigan bir qator qarorlar qabul qildilar.
O‘zaro savdoning barqaror o‘sishini ta’minlash, uning tarkibini diversifikatsiya qilish va biznes uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu ko‘rsatkichni 2030 yilgacha 10 milliardga yetkazish maqsad qilingan.
Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan, savdo va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami shakllantirilgan, “O‘zKazTreyd” kompaniyasi ta’sis etilgan, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mamlakatimiz yetakchisi sanoat kooperatsiyasi sohasida erishilgan katta muvaffaqiyatlarni qayd etdi.
Tashrif doirasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi hamda 1,3 milliard dollarlik qator muhim loyihalar ishga tushiriladi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod bo‘lgan, jumladan, kimyo, geologiya, infratuzilma, logistika, agrosanoat va ko‘plab boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli Sanoat kooperatsiyasi dasturi tayyorlandi.
Transport va logistika sohasida tizimli sheriklik ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Yangi transport yo‘laklarini, shu jumladan, “Uchquduq – Qizilo‘rda” yo‘nalishini yaratish, Aqtau, Quriq va Xorgos portlarida yuk tashishni rag‘batlantirish bo‘yicha birgalikda ishlash zarurligi qayd etildi.
Energiya resurslarini tashish va qayta ishlash, energiyani tejash, “yashil” texnologiyalar hamda axborot texnologiyalarini joriy qilish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
Suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘riladi. Tomonlar tashrif doirasida Transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi bitim imzolanishini olqishladilar.
Yetakchilar gumanitar aloqalar alohida o‘rin tutishini qayd etdilar. Joriy yilda Olmaota va Ostona shaharlarida qo‘shma madaniy tadbirlar – “Lazgi” baleti, rassomlar ko‘rgazmasi, adabiyotchilar forumi va yoshlar festivali, shuningdek, O‘zbekistonda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari va Toshkent shahrida Ostona kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Fan va ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, O‘zbekiston va Qozog‘istonning tarixiy qadamjolari, boy madaniy va ma’naviy merosini ommalashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, muzokaralar kun tartibi yuzasidan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, energetika, transport va madaniyat vazirlarining hisobotlari tinglandi.
Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunida bir qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.
Xususan, “Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va “Tenge Bank”ning Toshkentdagi yangi bosh ofisi ishga tushirildi.
Shuningdek, “Silkway Central Asia” ko‘p tarmoqli logistika markazi, chiziqli alkilbenzol ishlab chiqarish quvvatlari, Yangi Toshkentda “Ostona” mavzesi hamda poytaxtlarda “Toshkent” va “Ostona” mehmonxona majmualari qurilishi boshlandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ushbu loyihalar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
So‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari mukofotni topshirar ekan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining ikki qardosh xalq o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi ulkan shaxsiy xizmatlarini alohida qayd etdi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi taraqqiyot darajasiga chiqib, namunali ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, biznes, jamoatchilik va yoshlar faol hamkorlik qilmoqda. Madaniy va gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.
Qosim-Jomart Toqayevning global miqyosda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash, shuningdek, mintaqamizda ishonch, o‘zaro hamjihatlik va sheriklik muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.
Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqiga bunday yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirdi hamda qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ittifoqchilik ruhidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qo‘shma bayonot imzoladilar.
Shuningdek, davlat rahbarlari Oliy davlatlararo kengashning geologiya, nodir yer metallarini qazib olish, transchegaraviy daryolar oqimini prognoz qilish bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruhlarni hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari rahbarlarining kengashini tuzish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qildilar.
Tashrif davomida yana bir qator hujjatlar imzolandi, jumladan:
– Transchegaraviy suv ob’ektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitim;
– Bojxona xizmati vakolatxonalarini ochish to‘g‘risidagi bitim;
– Chegaraoldi hududlarda yerusti radio xizmatlari tomonidan fuqarolik maqsadlarida foydalaniladigan radiochastotalarni o‘zlashtirishni muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi bitim;
– Qo‘shma harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim;
– Qo‘shma investitsiya platformasini yaratish to‘g‘risidagi hadli bitim;
– 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
– Adliya vazirliklari o‘rtasida 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Tog‘-kon sanoatida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum;
– O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi va “Assambleya jastarы” jamoat birlashmasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
– Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Tibbiy sug‘urta jamg‘armalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi o‘rtasida hamkorlik bitimi;
– “O‘zbekneftgaz” va “Kazmunaygaz” aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida hamkorlik bitimi.
Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi tarixiy voqea bo‘lgani hamda O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida muhim bosqichni boshlab berganini yana bir bor katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda ikki tomonlama kun tartibining muhim jihatlari muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Qozog‘iston O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biri ekani ta’kidlandi.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 15 foizga o‘sgani aytildi. “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining ochilishi tashrifning muhim voqeasi bo‘ldi.
Ushbu ilg‘or loyiha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish va zamonaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga qaratilgan.
Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, an’anaviy va muqobil energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish strategik yo‘nalish sifatida belgilandi.
Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida, eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Fan va ta’lim muassasalari, ijodiy va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni faollashtirish, turizm sohasidagi qo‘shma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Tomonlar mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini yana bir bor ta’kidladilar. Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
16 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy integratsiya va butun Markaziy Osiyoda birdamlikni mustahkamlash jarayonlariga yangi sur’at bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.
Ko‘p tomonlama, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, “Markaziy Osiyo plyus” formatlarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
– Hurmatli Qosim-Jomart Kemelevichning tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari yuksak darajada ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar ikki tomonlama sheriklikni aniq mazmun bilan boyitishi, qo‘shma loyihalar uchun yangi ufqlar ochishi, birodar davlatlarning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari