Amaliy harakatlar va raqamli islohotlar tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurib, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiyot muassasalarida xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m yo‘naltirildi. Buning hisobiga joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.
Tibbiyotdagi bu o‘zgarishlarni millionlab odamlarimiz o‘z hayotida his etmoqda, xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

So‘nggi yillarda yurtimiz tibbiyotida ilg‘or texnologiyalar joriy etilib, ta’lim jarayonlariga ham keng tatbiq qilinmoqda. Xususan, uchta oliy ta’lim muassasasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sakkizta tibbiyot oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash imkoniyatlari yanada kengaydi.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida infratuzilma yaxshilanishi natijasida ta’lim oluvchilar soni 29 ming 864 nafarga yetdi. O‘quv jarayonlari eng zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarildi, raqamlashtirish faol davom etmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari haqida axborot berildi. Mamlakat bo‘ylab davlat tibbiyot muassasalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan ta’minlandi, yagona raqamli infratuzilma shakllantirildi.
2024-2025 yillarda 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasasi lokal tarmoq bilan ta’minlandi. Minglab yangi kompyuterlar xarid qilinib, texnik baza yangilandi.
Prezidentimizga DMED yagona elektron axborot tizimi imkoniyatlari ham taqdim etildi. Bu tizim orqali 36 million nafardan ziyod fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari yagona bazada jamlandi. Tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv yo‘lga qo‘yilib, chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqartirildi. Yaqin kelajakda “Online-shifokor” xizmati joriy etilib, aholiga masofadan tibbiy maslahat berish imkoni yaratiladi.

Shuningdek, “Elektron retsept” tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi, dori vositalari aylanmasi shaffoflashdi. Barcha tibbiy ma’lumotlar biometrik himoya ostida saqlanib, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlanmoqda.
– Zamonaviy tibbiyot muassasalarini barpo etyapmiz, sohada sun’iy intellektni joriy qilyapmiz, ilg‘or uskunalarni olib kelyapmiz. Bu o‘zgarishlar eng quyi bo‘g‘ingacha yetib borishi zarur. Muhimi, har bir tibbiyot xodimining malakasini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashga e’tibor qaratishimiz lozim. Shundagina harakatlarimiz natija beradi, – dedi Prezident.
“Raqamli sog‘liqni saqlash markazi” faoliyati haqida ham axborot berildi. Unda barcha tibbiyot muassasalarining faoliyati real vaqt rejimida kuzatilib, surunkali kasalliklar va aholi salomatligi ko‘rsatkichlari tahlil qilinmoqda.
Prezidentimiz tibbiyot tizimining raqamlashtirilishi bemorlar uchun qulaylik, shifokorlar uchun samaradorlik, davlat uchun esa shaffoflik va tejamkorlikni ta’minlash uchun muhim ekanini ta’kidlab, bu ishlarni jadal davom ettirishni topshirdi.
Tashrif chog‘ida universitetdagi zamonaviy ta’lim muhiti va sun’iy intellekt yordamida faoliyat yuritayotgan o‘quv laboratoriyalari bilan tanishildi. Reanimatsiya, oilaviy poliklinika, shoshilinch yordam, operatsiya, pediatriya, akusherlik va terapiya bo‘yicha simulyatsion xonalarda talabalar amaliyot orqali bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda. Buning uchun yaratilgan sharoitlar va kelgusi rejalar haqida batafsil axborot berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish, xizmatlar sifatini oshirish, bu jarayonda ilg‘or usul va texnologiyalarni qo‘llashni yanada kengaytirish yuzasidan mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘ydi.
9 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.
Toshkent davlat tibbiyot universitetida davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan soha vakillariga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ular orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba olib, yurtimizga qaytib kelib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar, aholimiz salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadal olib borilayotganini ta’kidladi.
Natijada birlamchi tibbiyot muassasalarining quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar esa tuman darajasiga tushirildi.

– Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir, – dedi Prezidentimiz. – Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlar orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutug‘imiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi.
Prezidentimiz davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirib, taqdirlanganlarni butun xalqimiz nomidan tabrikladi.
Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, barcha shifokor va hamshiralar, soha mutaxassislariga o‘zining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.
Farmatsevtika sohasining zamonaviy tibbiyotdagi o‘rnini hisobga olib, bundan buyon ushbu bayramni “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” sifatida nishonlash taklif qilindi.
Uchrashuvda o‘z yechimini kutayotgan masalalar tahlil qilinib, yangi vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi.
Ixtisoslashgan markazlarga so‘nggi besh yilda 7,5 trillion so‘m mablag‘ berilib, ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Shunga qaramay, uskunalarning quvvatidan bor-yo‘g‘i 25 foiz foydalanilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilg‘or diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish barcha tibbiyot markazlari, viloyat, tuman sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘limlarining birinchi navbatdagi vazifasi bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik ko‘paygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish va samarali davolash bo‘yicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilish, katta mablag‘ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani ta’kidlandi.
– Bugun odamlarning hayotga munosabati ham, talab va ehtiyojlari, dunyoqarashi ham tubdan o‘zgardi. Bu boshqa sohalar qatori tibbiyotda ham sifatni oshirish, zamonaviy yondashuvlar olib kirish bo‘yicha oldimizga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois, tibbiyotda xalqning bahosini eshitadigan tizimni joriy qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Endilikda 26 ta markaz direktorlari, viloyat, tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari bir oylik aniq reja asosida ishlashga o‘tadi.
Markaz rahbarlari o‘z sohasida eng og‘ir tuman va mahallaga boradi. Bir oy qolib, kasalliklarning sabablarini o‘rganib, ularga yechim beradi, oilaviy poliklinika va tuman shifoxonalarining vrachlarini kasallikni davolashga o‘rgatadi.
Bundan buyon viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlarining kunlik qabuli mahallada bo‘ladi.
Har bir viloyat, tuman tibbiyot rahbari, bosh shifokor va poliklinika mudiri bemorga e’tiborli bo‘lib, dardiga shifo izlab kelgan har bir odamning ishi tez bitishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi shartligi qayd etildi.
Yangi yildan 26 ta markaz direktorlari, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlarini lavozimga qo‘yishda yangi tartib joriy qilinadi.
Bunda barcha tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi. Ularga rahbarlar menejerlikka o‘qigan, yaxshi natijalar ko‘rsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi.
Rahbarlarning rag‘batlantirish tizimi ham o‘zgartiriladi.
Eng namunali viloyat, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlari va oilaviy poliklinika mudirlariga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi” unvoni, orden va medallar, 30 million so‘mdan pul mukofoti beriladi. Ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinika infratuzilmasini yaxshilashga 500 million so‘mdan ajratiladi.
Har bir viloyatda eng yaxshi 2 ta tumanning sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari va oilaviy poliklinika mudiri AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga menejerlikka o‘qitish uchun yuboriladi.
– Tibbiy ta’limdagi islohotlarimizni davom ettirib, oilaning barcha yoshdagi a’zolariga malakali tibbiy xizmat ko‘rsata oladigan oilaviy shifokorlik institutini rivojlantirishimiz zarur, – dedi Prezident.
Kelgusi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida pediatriya va davolash yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan umumiy tibbiyot fakulteti ochilishi e’lon qilindi. Ularda oilaviy shifokorlik mutaxassisligi bo‘yicha rezidentura va magistratura ham yo‘lga qo‘yiladi.
Rezidenturada ta’lim olayotgan talabalar bepul o‘qish bilan birga oilaviy shifokor sifatida ishlab maosh oladi. Rezidentura bitiruvchisi oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha diplomi va 150 foizli ustama oladi.
Tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar bo‘yicha bilimi baholanadi. Rezidenturani tugatgan shifokorlar esa ixtisosligi bo‘yicha imtihondan o‘tkaziladi. Shundan keyin mutaxassis davlat ro‘yxatidan o‘tadi va unga tibbiy faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Endilikda oddiy muolajani qiladigan emas, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan hamshiralarni tayyorlashga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi.
Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi ochiladi va kvota 2 karra, 2027 yildan esa kamida 20 foizdan oshirib boriladi.
Oliy ma’lumotga ega, shifokor bilan yonma-yon turadigan bunday hamshiralarning mehnati munosib rag‘batlantiriladi. Kelgusi yildan oliy ma’lumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi.
Ayni paytda o‘rta ma’lumotli hamshiralarni tayyorlash tizimi ham o‘zgartiriladi.
Bugungi davr shifokori zamonaviy texnologiya, davolash va diagnostika usullaridan xabardor bo‘lishi, o‘z ustida doimiy ishlab borishi shartligi qayd etildi.
Shu bois, tibbiyot xodimlarining malakasini uzluksiz oshirib boradigan yangi tizim bo‘ladi. Kelgusi yildan malaka oshirishning masofaviy, robot-simulyator, amaliy, ish joyida mustaqil tayyorgarlik kabi turlari yo‘lga qo‘yiladi. Malaka oshirish talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan Uzluksiz kasbiy tibbiyot ta’limi markazi tashkil qilinadi.
Prezidentimiz hozirda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgani, ilg‘or tashabbuslar ham ulardan chiqayotgani quvonarli hol ekanini ta’kidlab, ularning xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha barcha takliflarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Kelgusida ham tibbiyotda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha sharoitlarni yaratish davom ettirilishi ta’kidlandi.
Xususan, kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez yordam mashinalarini olib kirish bo‘yicha imtiyoz 3 yilga uzaytiriladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarish bo‘yicha berilgan imtiyoz xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham qo‘llanadi. Zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 million dollarlik imtiyozli resurs ajratiladi.
Prezidentimiz kuni kecha imzolangan “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarorida aks etgan qo‘shimcha imtiyozlarni e’lon qildi.
Uchrashuvda soha vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi, ularning takliflari, fikr-mulohazalari tinglandi.
– Men shifokor egnidagi oq libosni nafaqat kasb belgisi, balki Vatanga cheksiz sadoqat ramzi deb bilaman. Bundan buyon ham shifokorning, har bir tibbiyot xodimining obro‘sini himoya qilish, unga har tomonlama munosib sharoit yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ishonchim komil, biz birgalikda Yangi O‘zbekistonni boshqa sohalar qatorida tibbiyoti ham rivojlangan davlatga aylantiramiz, – dedi Prezidentimiz uchrashuv yakunida.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari