Oliy martabali mehmonni rom etgan majmua yoxud Amir Temur siymosiga berilgan savol… (+video)

48

Bunyodkorlik

Mamlakatimizda ilm-ma’rifatni, qadriyatlarni avaylash hamda ajdodlarga ehtirom ko‘rsatish yo‘lida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugun dunyo ahlini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Islom me’morchiligining haqiqiy durdonasi va O‘zbekistonning Uchinchi uyg‘onish davri timsoli sifatida qad rostlagan majmuada yurtimizning bebaho bisoti bo‘y ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan 28 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi hamrohligida ertasi kuni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.

Oliy martabali mehmonga o‘zbekistonlik olimlar hamrohligida mazkur me’moriy obida va uning dunyo ilm ahli, jumladan, Islom olamida tutgan o‘rni haqida ma’lumotlar berildi.

Serbiya Prezidentining Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari, o‘zbek xalqi tarixiga bo‘lgan e’tibori xususida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom АБДУҲАЛИМОВнинг fikrlariga qiziqdik.

– Avvalo shuni aytishimiz lozimki, O‘zbekistondagi islohotlar nafaqat iqtisodiyot sohasida, xalq farovonligi borasida, balki tariximiz, madaniy merosimiz, Islom dini, uning ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan bog‘liqligi jihatdan muhim ahamiyat kasb etmoqda, – dedi Bahrom Abduhalimov. – Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich markazda ekspozitsiyalar bilan tanishib, xalqimizning bebaho tarixiy va ma’naviy merosidan boxabar bo‘ldi. Oliy martabali mehmonni qadimiy me’moriy an’analarimiz va milliy bezaklar uyg‘unligida qurilgan, to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz mahobati jalb etdi.

Xususan, markazning Birinchi renessans deb ataluvchi qismiga kirganida, mehmonning yurtimizning kelajak umidlari va maqsadlari bilan bog‘liq taassurotlari yanada kengaydi. Xossatan, bu yerda shakllantirilgan Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi allomalarimizning merosiga oid bo‘lgan kapsulalar bilan tanishdi.

Bundan tashqari, Xorazm Ma’mun akademiyasi, Bag‘dod akademiyasida amalga oshirilgan kashfiyotlarga juda katta qiziqish bilan qaradi va yuqori taassurotlarga ega bo‘ldi. Shundan so‘ng Serbiya Prezidenti sohibqiron Amir Temur tarixiga ajratilgan qismiga o‘tdi. Biz mehmonga Amir Temurning sun’iy intellekt orqali shakllantirilgan siymosini ko‘rsatdik. Bunda sohibqiron qiyofasida sun’iy intellekt bilan savol-javob qilish imkoni bor. Serbiya Prezidenti rafiqasi bilan kelishib, sohibqironga bir savol bilan murojaat qildi. Ya’ni, “Amir Temur o‘sha davrda Yevropa hukmdorlari bilan muloqotda bo‘lgan, maktublar almashgan ekan. Serbiyaning o‘sha davrdagi hukmdori Stefan bilan aloqalaringiz qanday bo‘lgan”, deya savol berdi.

Sohibqironning sun’iy intellekt orqali berilgan javobiga ko‘ra Yevropa mamlakatlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yganini tasdiqladi. Bu haqda hujjatlar ham saqlangani aytildi. Lekin aynan Serbiyaning o‘sha davrdagi hukmdori bilan aloqalari haqidagi ma’lumotlarni qayta o‘rganish zarurati mavjudligi bildirildi. O‘zbekiston va Serbiya mutaxassislarida ham qandaydir hujjatlar, ma’lumotlar saqlangan bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Darhaqiqat, bu o‘sha davrni qaytadan tadqiq qilish, o‘rganish uchun yana bir turtki bo‘ldi.

Umuman olganda, Serbiya Prezidenti va rafiqasi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi hamda mazmun va mohiyatidan juda katta taassurotlarga ega bo‘ldi.

Markazga tashrif davomida Prezident Aleksandr Vuchich bu yerdagi muzey, ko‘rgazma zallari, arxiv, axborot texnologiyalari markazi, qo‘lyozmalar bo‘limi, xattotlik va islom merosini saqlashga qaratilgan infratuzilmalar bilan tanishdi.

Shuningdek, markaz hududida tashkil etilgan Islom akademiyasi, axborot-resurs markazi, konferensiya zali va boshqa inshootlar o‘ziga xos me’moriy uslubda bunyod etilgani bilan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Zamonaviy shaharsozlik sharoitida bunday me’moriy yodgorliklarning ahamiyati, Markazning maqsad va vazifalari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zA muxbiri

 Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.

Rustam NAZARMATOV olgan suratlar