Haydovchilarga kam ahamiyatli huquqbuzarlik uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llaniladi

40

Senat yalpi majlisida haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi.

Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov ko‘rilayotgan choralar natijasida joriy yilning 8 oyi davomida respublikamizdagi umumiy yo‘l-transport hodisalari 2,4 foizga kamayganini ta’kidladi. Tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 1,5 foizga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 5,6 foizga, piyodalar ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni esa 1,6 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarimizda ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etishga nisbatan immunitetni shakllantirish, ularni qonunga itoatkor etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar kutilgan natijani bermayapti.

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi  qonun muhokamasi jarayonida xorijiy davlatlarda ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarimadan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi borligi qayd etildi. Bunda, birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish o‘rniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natija berishi kuzatilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishi bilan bog‘liq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 241-modda to‘ldirilib, ma’muriy jazo sifatida ma’muriy ogohlantirish chorasi kiritilmoqda.

Mazkur kodeks yangi 171-modda bilan to‘ldirilib, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklarning turi aniq belgilanmoqda.

Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. Ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

A.Mamadaminov (surat), O‘zA