Pirotexnika buyumlari xavflilik darajasiga qarab sinflarga bo‘linadi

46

Pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasi bo‘yicha 2022 yilda 2 ming nafarga yaqin, 2023 yilda 1 ming 342 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2024 yilda huquqbuzarliklar 2 baravarga ko‘payib, 2 ming 891 nafar shaxsga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanilgan.

Mazkur raqamlar pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish zarurligini ko‘rsatib turibdi. Pirotexnika buyumlarining muomalasiga oid cheklovlarni qonun darajasiga olib chiqish zarurati yuzaga kelgan.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov pirotexnika buyumlarini noqonuniy realizatsiya qilish va ulardan foydalanish holatlarining ko‘payishi fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi. Bu yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning kelib chiqishiga tahdidlar tug‘dirmoqda.

Mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan aniq maqsadli tadbirlar o‘tkazilishiga qaramasdan, respublika hududiga pirotexnika vositalarini chetdan noqonuniy olib kirish holatlarini to‘liq qamrab olishning imkoni bo‘lmayotgani qayd etildi.

Qonun bilan pirotexnika buyumlari tushunchasi ochib berilmoqda. Pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlari sinfiga kirishi, ushbu buyumlarning xavflilik darajasi I – V sinflarga bo‘linmoqda.

Bundan tashqari, pirotexnika buyumlarining erkin va cheklangan muomalasi belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika vositalari, ya’ni bengal mayoqchalari, stol fontanlari kabi xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan pirotexnika buyumlari erkin muomalada bo‘lishi aniq qayd etilmoqda. Mazkur sinfga kiruvchi pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, ularni saqlash, foydalanish va boshqa turdagi harakatlar uchun hech qanday taqiq bo‘lmaydi.

Fuqarolar va jamoat xavfsizligiga yuqori xavf manbai hisoblanishi sababli xavflilikning II sinfiga kiruvchi pirotexnika vositalarining, ya’ni petardalar, ochiq maydonlarda foydalanishga mo‘ljallangan pirotexnik fontanlar kabi xavfli hudud radiusi 5 metrgacha bo‘lgan pirotexnika buyumlarining muomalasi fuqarolar va yuridik shaxslar uchun to‘liq taqiqlanmoqda.

Xavflilikning II – V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, jo‘natish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq, davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ushbu buyumlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish va o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Xavflilikning III – V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar o‘tkazishda, xavflilikning II – V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan sanoat va harbiy maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun belgilangan ma’muriy jazo chorasi kuchaytirilmoqda.

Jumladan, ushbu turdagi qonunbuzarlik uchun amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdordagi jarima jazosi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha oshirilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun mamlakatimizga pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish sohasida samarali davlat nazoratini o‘rnatish, ular noqonuniy aylanishining oldini olish, shuningdek, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova,

Alimurod Mamadaminov (surat),

O‘zA