Finlyandiya Prezidentining mamlakatimizga tashrifi yakunlandi

39

Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifini yakunladi va o‘z yurtiga jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Tashrif dasturidan oliy darajadagi muzokaralar, shuningdek, uchrashuv, davra suhbati va mamlakatimizdagi qator turli tashkilotlar faoliyati bilan tanishuv joy oldi.

Jumladan, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, kimyo, energetika, raqamlashtirish, tog‘-kon sanoati va boshqa innovatsion tarmoqlarda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Mehnat migratsiyasi, madaniyat, ta’lim tizimiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish sohalarida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Bu tashrif nafaqat hamkorlikni, balki do‘stlik ruhini ham mustahkamladi. Aleksandr Stubbning ta’biri bilan aytganda, “O‘zbekiston – zamonaviy islohotlar orqali kelajakka ishonch bilan ilgarilayotgan yurt.”

Behruz XUDOYBERDIEV,  

Nosirjon HAYDAROV (surat),  

O‘zA