Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb: “O‘zbekiston – buyuk mamlakat!”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu berdi. Unda O‘zbekistonda fin ta’lim tizimining ahamiyati, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar xususida so‘z bordi.
— Janob prezident, Oʻzbekistonga xush kelibsiz! Sizni bu yerda koʻrib turganimizdan xursandmiz. Janob prezident, bu sizning mamlakatimizga birinchi rasmiy tashrifingiz va Toshkentdagi kun tartibingiz juda keng. Ushbu tashrif davomida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv va muzokaralardan qanday natijalarni kutyapsiz?

— Avvalo, bu yerda boʻlish juda yoqimli. Bunday iliq va samimiy qabul uchun sizlarga katta rahmat! Men prezidentingiz bilan ilgari ham bir necha marta uchrashganman. Meni yurtingizga taklif qilganida, bajonidil rozilik bildirdim. Ushbu tashrifdan asosiy ikki natijani kutyapman. Birinchisi – biznes va iqtisodiyot sohasida. Men bilan birga tadbirkorlar delegatsiyasi ham kelgan. Oʻzbekiston va Finlyandiya kompaniyalari oʻrtasida konchilik va boshqa bir qator yoʻnalishlarda hamkorlik oʻrnatilishiga umid qilaman.
Ikkinchi va eng asosiy jihat, albatta, Oʻzbekiston prezidenti bilan uchrashish va munosabatlarimiz istiqbollari yuzasidan fikr almashish.

— Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda taʼlim tizimini rivojlantirish eng ustuvor masala sifatida qaralmoqda, bunda ayniqsa Finlyandiya tajribasi va modeliga katta urgʻu berilmoqda. Avvalo, Finlyandiya taʼlim tizimining muvaffaqiyati, oʻziga xos jihatlari haqida soʻzlab bersangiz. Bu borada qanday potensiallarni va oʻzaro hamkorlik imkoniyatlarini koʻrasiz?
— Birinchi kuzatuvim shuki, bugun Nordik xalqaro maktabi va universitetiga tashrif buyurish imkoniyatim boʻldi va men u yerdan juda katta taassurot oldim. Bu taʼlim maskanlarining Shimoliy Yevropa bilan bogʻliqligi uchungina emas, balki u yerda birinchi sinfdan oltinchi, yettinchi sinfgacha boʻlgan deyarli 100 nafar yosh oʻquvchi tahsil olayotgani meni juda xursand qildi. Ular turli millat vakillari va barchasi ingliz tilida erkin soʻzlashmoqda. Bu juda ajoyib.
Ikkinchidan, men Nordik xalqaro universitetini koʻrib hayratlandim, chunki taʼlim dargohi jamoasi atigi uch yil ichida 6 ming nafar talaba va 200 professorni jalb qila olibdi. Men oʻzim ham Italiyada oliygohlar faoliyatini yoʻlga qoʻyganman, ammo biz hech qachon shunday qisqa fursatda buni uddalay olmaganmiz.

Endi ikkinchi savolga kelaylik: fin taʼlim modelidan qanday xulosalar chiqarish mumkin? Xoʻsh, bunda bir nechta asosiy jihatlar bor. Fikrimcha, erta yoshdan boshlab, taʼlim tizimi barcha uchun teng boʻlishi kerak, shunda hamma bir xil darajada shakllanadi. Albatta, agar biror talaba tezroq rivojlanishni istasa, unga imkoniyat beriladi.
Ikkinchidan, barcha fin oʻqituvchilari pedagogika boʻyicha magistrlik darajasiga ega. Bu yuqori malakali mutaxassislik boʻlib, faqat talabgorlarning 10 foizigina mazkur maqomni qoʻlga kirita oladi. Shubhasiz, taʼlimda katta erkinlik mavjud, shuning uchun sizga maʼlum bir oʻquv dasturini oʻqitish shart emas. Oxirgi xulosa shuki, biz oʻqituvchilarimizni juda qadrlaymiz. Menimcha, Arastu “Yoshlarga taʼlim berishdan koʻra oliyjanobroq ish yoʻq”, – deb toʻgʻri aytgan. Bular fin tizimi haqidagi asosiy xulosalardir.
— Sizningcha, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qaysi sohalar eng katta salohiyatga ega? Sizning tashrifingiz Finlyandiya, Skandinaviya mintaqasi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qanday yangi turtki berishi mumkin?
—Xoʻsh, bir nechta jihatlarni sanab oʻtishim mumkin. Siyosiy jihatdan, Finlyandiya tajribasidan olinadigan saboq shuki, koʻproq doʻstlar orttirish va xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish kerak. Masalan, Finlyandiya Shimoliy kengash, Yevropa Ittifoqi va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlarga aʼzo. Tashqi siyosatda turli yoʻnalishlarni tanlash doimo foydali.
Iqtisodiy jihatdan esa, bizning iqtisodiyotlarimiz turli rivojlanish bosqichlarida. Siz juda tez, yiliga 7 foiz oʻsyapsiz. Biz esa sekinroq, yiliga 1-2 foiz atrofida oʻsmoqdamiz. Shu sababli, hamkorlik qilishimiz mumkin boʻlgan koʻplab sohalar mavjud. Bu konchilik, texnologiya, energetika, oziq-ovqat yoki qishloq xoʻjaligi. Bularda men katta salohiyatni koʻryapman. Oʻz navbatida, erkin bozor tarafdori ekanligimni ham aytmoqchiman, yaʼni hamkorlikning eng samarali yoʻllarini tanlash kompaniyalarning oʻziga bogʻliq. Men ularni bu borada majburlamayman.
Menimcha, buni amalga oshirishning bir necha yoʻli bor. Birinchidan, men umuman Markaziy Osiyo mamlakatlari, yaʼni C5 haqida koʻp maʼlumot olyapman. Albatta, buni doimo tahlil qilaman. Masalan, N5, yaʼni Shimoliy beshlik bilan hamkorlikdagi oʻxshashliklarni oʻrganaman. Yaqinda Qozogʻistonda boʻldim, hozir esa Oʻzbekistonga tashrif buyurdim. Olgan tajribalarimni oʻz yurtimga olib ketaman. Ikkinchidan, iqtisodiy jihatdan, davlatlarimiz taraqqiyot modellarini taqqoslab, bir-birimizdan oʻrganishimiz mumkin boʻlgan jihatlarni ham tahlil qilaman.
— Albatta, ikki tomonlama munosabatlarda siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlikning oʻrni nihoyatda katta. Lekin davlatlar, xalqlarni yanada yaqinlashtiradigan muhim bir omil borki, bu avvalo xalq diplomatiyasida, gumanitar hamkorlikda namoyon boʻladi. Masalan, taʼlim, turizm, madaniy aloqalar yoki viza yengilliklari… Bugun Oʻzbekiston va Finlyandiya xalqlarini yanada yaqinlashtiradigan qanday jihatlarga eʼtibor qaratish kerak, deb oʻylaysiz?
— Menimcha, bu jarayon eng quyi pogʻonadan, yaʼni odamlar oʻrtasidagi munosabatlardan boshlanadi. 70-80-yillarda, yoshligimda Toshkent qayerda joylashganini bilmasdim. Ammo bugungi kunda farzandlarimiz, yoshlarimiz qoʻllarida butun dunyo bor, chunki ular smartfonlari orqali koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlmoqda.
Keyin, maʼlum bir bosqichda, ular qaysi mamlakatga qiziqadilar. Masalan, ular: “O, Finlyandiya dunyodagi eng baxtli mamlakat ekan, bu juda qiziq”, – degan gaplarni eshitib qolishlari mumkin. Yoki “Formula-1” poygachisi haqida maʼlumotga ega boʻlishadi. Yoki menimcha, “Rasmus” nomli fin guruhi yaqinda bu yerda gastrol safari bilan boʻlganligi haqidagi yangilikka duch keladi va hokazo. Shu tarzda qiziqish shakllanadi.
Keyin esa taʼlim masalasiga. Agar ular Nordik Xalqaro Universiteti bilan aloqa oʻrnatishsa, balki almashinuv dasturida qatnashish imkoniyatiga ega boʻlishadi, fin tilini oʻrganishga qiziqishadi, finlar oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqadi. Mana shunday jarayonlar muhim. Men xalqlarimiz oʻrtasida shu kabi aloqalar rivojlanishiga ishonaman. Masalan, Toshkentda Finlyandiyaning juda faol konsulligi bor. Ular ham oʻzaro munosabatlarga kuchli impuls bermoqda.
Keyin esa, ikki xalq oʻrtasida muntazam aloqalar oʻrnatilganini koʻrasiz. Albatta, mening tashrifim ham bu jarayonga ozgina boʻlsa-da hissa qoʻshadi, deb umid qilaman.
—Yaqinda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi Bryusselda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi. Sizningcha, ushbu kelishuv Oʻzbekiston – Finlyandiya munosabatlarining kelajagiga qanday taʼsir qiladi va qaysi sohalarda hamkorlik uchun istiqbollar mavjud, deb oʻylaysiz?
— Umuman olganda, ijobiy. Bilasizmi, men mintaqaviy integratsiyaning qatʼiy tarafdoriman. Aslida, hozirgi kunda dunyoda tartib-taomillar oʻzgarib boryapti.
Koʻplab yirik xalqaro institutlar koʻp tomonlama munosabatlarga nisbatan turli qarashlar shakllangan. Shu bois, biz koʻproq mintaqaviy integratsiyaga eʼtibor qaratib, birgalikda rivojlanish haqida oʻylashimiz kerak. Odatda bu jarayon kichikroq tuzilmalardan boshlanadi: Sizning vaziyatingizda C5, mening misolimda esa N5 kabi formatlar. Asta-sekin uning safi kengayib boradi. Shuning uchun men, masalan, Oʻzbekistondek davlatning C5 da faol ishtirok etishi juda foydali, deb hisoblayman.

Bu orqali Oʻzbekiston bir tomondan Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama strategik hamkorlikni oʻrnatishi mumkin. Boshqa tomondan, C5 doirasida ular Donald Tramp bilan uchrashish imkoniyatiga ega boʻladi. Shuningdek, C5 orqali yana Xitoy bilan ham, Rossiya bilan ham hamkorlik rivojlanadi. Gap birlashish haqida ketmoqda. Men Yevropa integratsiyasining qatʼiy tarafdoriman. Albatta, Oʻzbekiston Yevropaga qanchalik yaqinlashsa, menimcha, shuncha samarali boʻladi.
— Mening oxirgi savolim sunʼiy intellekt haqida. Bilamizki, Finlyandiya innovatsiyalar va axborot texnologiyalari yoʻnalishida ilgʻor tajribaga ega. Oʻzbekistonda ham bu yoʻnalishda katta sakrash boʻlyapti. Jumladan, kuni kecha Prezident qarori asosida sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga oid katta dastur tasdiqlandi. Nima deb oʻylaysiz, sunʼiy intellektning shiddatli rivojlanishi mehnat bozori va inson resurslari uchun inqilob yasaydimi? Oʻzi, umuman, bu sohada Oʻzbekiston va Finlyandiya qanday hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi mumkin, deb hisoblaysiz?
— Shuni taʼkidlamoqchimanki, kechagi kunning yangiligi bugun eskirib qolyapti. Menimcha, bu inqilob iqtisodiyotni, siyosatni ham tubdan oʻzgartiradi. Bundan tashqari, u ilm-fanni va insoniyat mohiyatini ham oʻzgartirib yubormoqda. Sunʼiy intellektning rivojlanishi bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Oʻn yil oldin biz bolalarga algoritm kodlashni oʻrganish kerakligini uqtirar edik. Endi esa sunʼiy intellekt tufayli bunga hojat yoʻq – u oʻzi kodlashni amalga oshiradi. Sunʼiy intellektning xavfli tomoni shundaki, u mustaqil harakat qila oladigan birinchi texnologiyadir. Agar unga erkinlik berilsa, masalan, generativ sunʼiy til paydo boʻlsa, biz insonlar nazoratni yoʻqotib qoʻyishimiz mumkin. Shuning uchun insonlar nazoratni oʻz qoʻlida saqlab qolishi va buning mohiyatini tushunishi juda muhim. Biz algoritmlarni oʻzimiz yaratishimiz kerak.
Agar siz ijtimoiy tarmoqlarda, masalan Facebook, Instagram yoki X kabi platformalarda yangiliklar koʻrayotganingizda, doim bir xil turdagi maʼlumotlarni taqdim etadigan algoritmga duch kelsangiz, oʻz fikringiz erkinligi yoʻqolganini his qilasiz. Sunʼiy intellektning mana shunday ham foydali, ham zararli jihatlari borligini unutmasligimiz kerak. Shunga qaramay, men oʻzimni texnologik realist deb hisoblayman. Texnologiya foydali, ammo u hech qachon betaraf boʻlmaydi. Biz unga yangi kuch vositasi sifatida qarashimiz va u bilan hamkorlikda ishlashimiz, lekin undan butunlay voz kechmasligimiz lozim.
— Dunyoning eng baxtli davlati Prezidenti sifatida Oʻzbekistonga qisqacha qanday taʼrif bergan boʻlardingiz?
— Bu – buyuk mamlakat!
— Biz uchun vaqt ajratganingizdan minnatdormiz, janob prezident!
Xushnudbek Xudoyberdiyev va Madina Qodirova suhbatlashdi