Senat yalpi majlisi: qanday masalalar ko‘rib chiqiladi?

48

Bugun, 2025 yil 31 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga jamiyat hayoti va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning dolzarb masalalariga oid qator qonunlar kiritilgan.

Xususan, “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”, “Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga doir qonun ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish, valyuta va qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solish, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish, ijro ishini yuritish tartibini soddalashtirish hamda agrar va ekologiya sohalaridagi qonunchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qonunlar ham muhokama qilinadi.

Senatorlar tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimlarini yaxshilashga oid qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga mamlakatda oila institutini mustahkamlash va ajrimlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi kun tartibidan o‘rin olgan.

                                               N.Abduraimova,

                                               A.Mamadaminov (surat), O‘zA