“To‘maris izdoshlari” tanlovi yakunlandi
Yurtimizning harbiy tuzilmalarida mardonavor, Vatanga sadoqat bilan fidokorona xizmat qilayotgan ayol-qizlar oz emas. Ana shunday opa-singillarimiz ishtirokida o‘tkazilgan “To‘maris izdoshlari” respublika tanlovi yakuniga yetdi.
To‘rt kun davom etgan ushbu tanlov yurt himoyasi yo‘lida mehnat qilayotgan jasoratli xotin-qizlarning salohiyati, bilimdonligi, jismoniy va kasbiy tayyorgarligini namoyon etgan muhim maydon bo‘ldi.
Tanlovning respublika bosqichi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida joylashgan “Mustaqillik monumenti” poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Marosimda yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan fidoyi farzandlar xotirasi yod etildi.
Tanlov davomida Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Bojxona qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlardan iborat 6 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi.
Ishtirokchilar o‘z bilim, jismoniy va harbiy tayyorgarlik darajasi, ijodiy salohiyat va jamoaviy hamkorlik bo‘yicha bir necha shartlar doirasida sinovdan o‘tishdi. Barcha bosqichlar – tanishtiruv, intellektual savollar, harbiy-amaliy tayyorgarlik, o‘q otish, jismoniy mashg‘ulotlar, ijodiy chiqishlar va hayotiy ko‘nikmalarga asoslangan topshiriqlardan iborat bo‘lib, baholash sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan adolatli mezonlar asosida olib borildi.
Tanlov doirasida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida harbiy xizmatchi xotin-qizlar ishtirokida tantanali parad ham tashkil etildi. Musobaqalar yuksak ruhda, sog‘lom raqobat va vatanparvarlik muhitida o‘tdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mita raisi Zulayho Mahkamova so‘zga chiqib, barcha ishtirokchi xotin-qizlarni tabrikladi.
– Tanlovda qatnashgan har bir ishtirokchi g‘olib, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova. – Negaki, bu tanlovda qatnashishning o‘zi jasoratdir. Bugun bu sahnada faqat sovrin sohibalari emas, balki Vatan himoyasiga shay jasoratli xotin-qizlarimizning shijoati va g‘ayrati mujassam. To‘maris singari jasoratli, Vatanga sadoqatli ayollarimiz bugun ham harbiy tuzilmalarida mardonavor faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning har biri o‘z xizmat burchini ado etish bilan birga yosh avlod uchun chinakam namunadir. Bizning maqsadimiz ana shunday fidoyi, vatanparvar ayollar safini yanada kengaytirish, ularni rag‘batlantirish va qadrlashdir.
“To‘maris izlrshlari” respublika tanlovi yakuni bo‘yicha birinchi o‘ringa Davlat xavfsizlik xizmatida faoliyat ko‘rsatayotgan opa-singillarimiz jamoasi munosib topildi.
Ikkinchi o‘ringa Milliy gvardiya jamoasi, uchinchi o‘ringa Ichki ishlar vazirligi hamda Mudofaa vazirligi jamoalari sazovor bo‘ldi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ayol-qizlari “Faol va ahil jamoa” hamda Bojxona qo‘mitasi xotin-qizlari “Eng mohir jamoa” nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldilar.
Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda hamkor vazirlik va idoralarning diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov yurtimizda xotin-qizlarga bildirilayotgan e’tibor, ularning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi izchil siyosatning yana bir amaliy isboti bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA muxbirlari