O‘zbekiston va Belarus iste’molchilar tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Joriy yilning 6–7 oktyabr kunlari Belarus Respublikasining poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Antikontrafakt-2025” XIII Xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Belarus Iste’molchilarni himoya qilish jamiyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, transchegaraviy murojaatlar, elektron savdo va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan.
Tadbirda har ikki tashkilot rahbarlari, soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va raqamlashtirish orqali fuqarolar manfaatlarini samarali ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Belarus Iste’molchilarni himoya qilish jamiyati raisi Anna Susha o‘z nutqida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi so‘nggi yillarda iste’molchilar huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirayotgan tizimli islohotlar, aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar hamda davlat organlari bilan samarali hamkorlik orqali jahon miqyosida munosib nufuzga ega bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqishda zamonaviy elektron platformalardan foydalanish, ikki davlat fuqarolari ishtirokidagi transchegaraviy savdo nizolarini tezkor hal etish mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish va o‘quv dasturlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha kelishib oldilar.
Memorandumning imzolanishi har ikki tashkilot o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, hamkorlik doirasida qo‘shma tadbirlar, seminarlar hamda jamoatchilik monitoringlarini o‘tkazish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishi bilan ahamiyatli.
Shuningdek, tomonlar kelishuvni amalga oshirish doirasida doimiy ishchi guruh tuzish, axborot almashinuv tizimini yo‘lga qo‘yish va xalqaro iste’molchilar tashkilotlari doirasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish yuzasidan ham kelishuvga erishdi.
Hamroz Bayanov,
O‘zA