Yerliklar “Super Oy” hodisasiga guvoh bo‘lishmoqda (+video)
Joriy yilning 6-7-8 oktyabr kunlari Yer aholisi navbatdagi tabiiy astronomik hodisaga — super oyni kuzatish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Bu holat oyning Yerga nisbatan eng yaqin masofaga kelishi va to‘lin oy fazasiga to‘g‘ri kelishi natijasida yuzaga chiqadi.
Oy Yerga 360 ming kilometrdan ham yaqinroq masofada bo‘lishi kutilmoqda. Astronomlar bu holatni “Super Oy” deb ataydi — Oy odatdagidan 30 foiz yorqinroq ko‘rinadi.
Astronomlar ta’kidlashicha, “Super Oy”ni kuzatish uchun eng qulay vaqt — kechqurungi soatlar bo‘lib, Oy osmonda katta va juda ravshan ko‘rinadi. 8 oktyabr kuni Oy biroz uzoqlashadi, 23 oktyabrga kelib esa Yerdan 406 ming kilometrdan ortiq masofaga chekinadi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti mutaxassislarining ta’kidlashicha, super oy inson salomatligiga xavf tug‘dirmaydi va asosan estetik jihatdan qiziqarli hodisa sanaladi. Biroq ba’zi insonlar uyqu muammolari yoki emotsional o‘zgarishlarni his etishi mumkin.
Super oyni shahar yorug‘liklaridan uzoqroq, ochiq va toza havoda kuzatish tavsiya etildi. Bu galgi hodisa Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa, Afrika hamda Osiyoning katta qismidan juda yaxshi ko‘rinishi qayd etildi. O‘zbekiston osmonida ham ob-havo sharoiti yaxshi bo‘lgan hududlarda super oy to‘liq namoyon bo‘ldi.
Astronomlarning fikricha, 2025 yildagi ushbu super oy yil davomida kuzatiladigan oxirgi shunday hodisalardan biri hisoblanadi. Kelgusi super oy 2026 yil bahorida sodir bo‘lishi kutilmoqda. Astronomiya havaskorlari va fotograflar uchun bunday tabiiy hodisalar noyob imkoniyatdir.
Shuningdek, oktyabr oyi osmon kuzatuvchilari uchun yana bir necha astronomik hodisalarni taqdim etadi. 13 oktyabr kuni Oy Yupiter bilan, 19 oktyabr tongda esa osmondagi eng yorqin sayyora — Venera bilan yaqin burchakda ko‘rinadi. Bu holatlar oddiy ko‘z bilan ham yorqin tarzda kuzatilishi mumkin.
Bundan tashqari, oy davomida Saturnni kuzatish uchun ham qulay sharoit yaratiladi. 20 karrali kattalashtirishda uning halqalari ko‘rinadi, 100 mm teleskop egalari esa uning yirik yo‘ldoshi — Titanni tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Oktyabr osmonida, shuningdek, ikki kometa — C/2025 A6 Lemmon va C/2025 R2 Swan ham ko‘rinadi. Birinchisi shimoliy g‘arb, ikkinchisi janubiy g‘arb qismida kuzatiladi. 21 oktyabr kuni esa Orionidlar meteor oqimi avjiga chiqib, har soatda 5 ta yulduz yog‘dini ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA