Normadan ortiq shovqinga yo‘l qo‘yayotgan ob’ektlar faoliyati to‘xtatib turilishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalari va parlament nazorati faoliyatiga doir masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Majlisda dastlab “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Deputat B.Eshmirzayev qayd etganidek, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi deputatlar va soha mutaxassislarining takliflari asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlangan va takomiliga yetkazilgan. Xususan, loyiha bilan fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘ini amaldagi yetti soatdan (soat 23:00 dan 06:00 gacha) sakkiz soatga (soat 23:00 dan 07:00 gacha), dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22:00 dan 09:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘iga o‘zgartirish taklif etilmoqda. Ushbu vaqt oralig‘ida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, aholi istiqomat qiladigan ko‘p kvartirali uylarda shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan oshadigan qurilish va ta’mirlash ishlarini ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirish mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shovqinning zararli ta’siri natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sud tartibida undirilishi, kompensatsiya to‘lash shovqinning zararli ta’sirining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni bajarishdan ozod etmasligi, shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan yuqori bo‘lgan mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning mehnati uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan oshirilgan miqdorda haq to‘lanishi belgilanmoqda.
Fuqarolarning osoyishtaligini va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqt oralig‘ida belgilangan normadan ortiq shovqinga muntazam ravishda yo‘l qo‘yayotgan ob’ektlar faoliyatini to‘xtatib turish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar ayrim normalar bo‘yicha savollarni o‘rtaga tashladi. Mutaxassislar savollarga tegishli javob qaytarishar ekan, har bir sohada belgilangan shovqin normasi borligini, ana shu normadan oshib ketsa, javobgarlik belgilanishini ta’kidladi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar aholini shovqinning zararli ta’sirlaridan himoya qilishi uchun qanday choralarni ko‘rishi kerakligi, bu boradagi talablar qonunosti hujjatlarida ham belgilab berilishi mumkinligi aytildi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi aholining salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar ta’siridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga xizmat qilishi ta’kidlanib, uchinchi o‘qishda ham qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA