Turkiy davlatlar tashkiloti to‘laqonli iqtisodiy hamjamiyatga aylanmoqda

48

Zamonaviy jahon iqtisodiyoti chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Bozorlar uchun global raqobat kuchaymoqda, logistika yo‘nalishlarida o‘zgarishlar yuz berib, yangi o‘sish markazlari shakllanmoqda. Xatarlar hamda noaniqliklar ortib borayotgani esa mamlakatlardan moslashuvchanlik va muvofiqlashgan harakatlarni talab etadi.

Bunday sharoitda mintaqaviy birlashmalarning ahamiyati tobora ortib borayotgani oydek ravshan. Ular nafaqat siyosiy maydon sifatida, balki noaniq vaziyatlarda barqaror rivojlanishni ta’minlay oladigan muhim iqtisodiy tayanch nuqtasi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Shunday birlashmalar evolyutsiyasining yorqin namunasi – Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) hisoblanadi. Bugun Ozarbayjonda ushbu tuzilmaning “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi XII sammiti o‘tkaziladi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Shavkat ALIMBEKOV bilan suhbatlashib, bu galgi anjuman ahamiyati, kutilayotgan natijalar va istiqbollar xususidagi fikrlari bilan qiziqdik:

– Avval madaniy va gumanitar hamkorlikka yo‘naltirilgan Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda tez sur’atlar bilan to‘laqonli iqtisodiy hamjamiyatga aylanmoqda, – dedi Shavkat Alimbekov. – Bu holat TDT mamlakatlarining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarida ham aks etmoqda. 2024 yilda tashkilot a’zolari yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi 2,1 trillion dollarga yetdi, ichki tovar aylanmasi esa 2022 yildagi 30,9 milliard dollardan 2024 yilda 45 milliard dollargacha oshdi. Ya’ni, ikki yil ichida 45 foizga o‘sish kuzatildi – bu ko‘rsatkich o‘rtacha jahon sur’atlaridan ancha yuqori bo‘lib, iqtisodiy integratsiya kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, bu o‘sishga Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston katta hissa qo‘shmoqda. Garchi Turkiya TDTning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lib qolsa-da, aynan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston eng dinamik o‘sishni namoyon qilmoqda.

2024 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizlik barqaror o‘sishni qayd etgan. Joriy yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foizga oshdi. Eng katta o‘sish xizmat ko‘rsatish, qurilish va sanoatda kuzatildi.

Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizning TDT doirasida iqtisodiy o‘sish lokomotivi sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini, shu bilan birga mamlakatning butun turkiy dunyo uchun strategik rivojlanish yo‘nalishini belgilashga tayyorligini tasdiqlaydi.

O‘zbekistonda 2024 yil boshidan buyon TDT mamlakatlari kapitali ishtirokida 500 dan ortiq yangi korxona tashkil etildi, umumiy soni esa 4 mingtaga yetdi, ya’ni respublikadagi chet el sarmoyasi ishtirokidagi barcha korxonalarning 28,8 foizini tashkil etmoqda.

Investitsiyaviy integratsiya va O‘zbekistonning tashabbuslari

2024 yil 21 may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan TDTning norasmiy sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev Yagona investitsiya portali yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Bu raqamli platforma investitsiya loyihalari, ustuvor sohalar va sarmoya uchun mavjud imkoniyatlar haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona maydon sifatida e’tirof etiladi.

Bunday tizim ichki va xalqaro investorlar uchun aniq va shaffof sharoit yaratib, butun mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Investitsiyaviy integratsiya mavzusini rivojlantirar ekan, davlat rahbari startaplar va yuqori texnologiyali loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma venchur kompaniyasini tashkil etishni keyingi qadam sifatida taklif qildi.

Bunday tashabbus, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun dolzarb, chunki bu hududda uzoq muddatli kapitalga yetarli darajada kirish imkoniyati cheklangan. Venchur mexanizmlari xavflarni taqsimlash bilan birga innovatsion rivojlanishni rag‘batlantiradi, bu esa kelajak iqtisodiyotiga o‘tishning muhim shartidir.

Sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmani rivojlantirish

Investitsiya kun tartibining mantiqiy davomi – sanoat kooperatsiyasi. O‘zbekiston kimyo, energetika, tog‘-kon, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sanoati sohalarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.

Bu transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, xarajatlarni optimallashtirish va loyihalarni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish imkonini beradi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bunday kooperatsiya modellari ishlab chiqarishni tayyorlash vaqtini 14-20 oyga qisqartiradi, xarajatlarni esa 70 foizgacha kamaytiradi.

Ayniqsa farmatsevtika sohasi juda istiqbolli hisoblanadi – qo‘shma korxonalar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirishi, balki Yaqin Sharq va Afrika kabi tashqi bozorlarga ham chiqishi mumkin.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish TDTning 2040 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu jarayonda muhim vosita Turkiy savdo-sanoat palatasi, u tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga samarali yordam bermoqda.

Transport va logistika – yangi strategik yo‘nalish

Zamonaviy infratuzilmasiz barqaror sanoat va savdo aloqalarini ta’minlash mumkin emas. Shuning uchun Sharq–G‘arb va Shimol–Janub transport yo‘laklarini yaratish TDT uchun strategik ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Bundan tashqari, ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etib, bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirishni jadallashtirish ham muhim.

Bu masalalarni hal etish doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlar multimodal transport va logistika bo‘yicha xalqaro forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu forum sohaviy sheriklikni mustahkamlash va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘ladi.

G‘arb ekspertlari baholashicha, bojxona rasmiylashtiruvini bir kunga qisqartirish tovar aylanmasini 3–5 foizga oshirish imkonini beradi. Demak, infratuzilmaga sarmoya kiritish – bu faqat savdoni qo‘llab-quvvatlash emas, balki butun mintaqaviy iqtisodiyot o‘sishining kaliti hisoblanadi.

O‘zbekiston rahbari ilgari surgan tashabbuslar orasida Savdoni kengaytirish bo‘yicha amaliy dasturni qabul qilish taklifi alohida ahamiyatga ega.

Uning amalga oshirilishi TDT ichida iqtisodiy faollikni kuchaytirib, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasini yanada jonlantiradi.

Bu dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirishda zamonaviy raqamli vositalarni rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.

Shu nuqtai nazardan Prezidentning “Turk-Trade” onlayn platformasini yaratish tashabbusi katta ham ahamiyatga ega.

Bu yagona raqamli maydonda ishlab chiqaruvchilar, investorlar va xaridorlar bir ekotizimda birlashib, real vaqt rejimida bitimlar tuzish, logistikani kuzatish va ma’lumot almashish imkoniga ega bo‘ladi.

Raqamli yechimlar orqali ular katta sarflarsiz yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi, bu esa raqobatbardoshlikni oshiradi va tadbirkorlik faolligini rag‘batlantiradi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston yetakchisi ilgari surgan tashabbuslar Turkiy davlatlar tashkilotining keng ko‘lamli institutsional transformatsiyasi uchun boshlang‘ich nuqta sifatida qaralishi mumkin.

Mamlakat faqat faol ishtirokchi emas, balki tizimli o‘zgarishlarni ilgari suruvchi tashabbuskor sifatida chiqmoqda, bu esa mintaqaviy hamkorlikning yangi me’moriy tuzilmasini belgilamoqda.

O‘zA muxbiri

 Behruz XUDOYBERDIEV 

yozib oldi.