Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligi ta’kidlandi

91

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining umumiy munozaralarida nutq so‘zladi.

–Global va mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish haqida gapirganda, albatta Afg‘oniston to‘g‘risida to‘xtalmaslik mumkin emas. 

Afg‘on xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimdir.

Biz Afg‘onistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqchimiz. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha Tashkilotimizning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz, – dedi Prezidentimiz.

G‘azo sektoridagi tobora keskin yomonlashib borayotgan gumanitar inqirozni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmasligi qayd etildi. Prezidentimiz harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. O‘zbekiston BMT rezolyutsiyalariga muvofiq,  “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdori ekani ta’kidlandi.

–Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlaymiz,– dedi Prezidentimiz.

O‘zA