BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan yuqori darajadagi tadbir o‘tkaziladi

Prezidentimiz nutqini davom ettirar ekan, pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif etdi.
Shuningdek, mamlakatimizda ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimi yaratilayotgani ta’kidlandi. Ertaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkaziladi. Prezidentimiz barcha xorijiy hamkorlarni ushbu tadbirga taklif etdi.
Yana bir muhim yo‘nalish – gender siyosati. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlash maqsad qilingan. O‘zbekiston keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam o‘tkazib borish tarafdori ekani qayd etildi.
–Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida olgan majburiyatlarimizga sodiqmiz. 2030 yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilganmiz.
Shu maqsadda ochiq va pragmatik siyosatimizni izchil davom ettiramiz, – dedi Prezident.
O‘zA