Prezident Shavkat Mirziyoyev: «Yangi O‘zbekiston»dan global tashabbuslar sari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida ishtirok etishi mamlakatning yangilangan tashqi siyosatining o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylandi.
Nyu-Yorkdagi 80-yubiley sessiya arafasida Toshkent Markaziy Osiyoda iqlim, yoshlar va ijtimoiy himoya kabi muhim masalalarni yana global kun tartibiga olib chiqmoqda. Bu orqali mamlakat mas’uliyatli va aniq natijalarga yo‘naltirilgan xalqaro hamkorlik yo‘lida qat’iyligini yana bir bor tasdiqlamoqda.
O‘zbekiston yetakchisi BMT Bosh Assambleyasi minbaridan so‘zlagan ilk nutqida mamlakatning ichki va tashqi siyosatidagi tub o‘zgarishlarni ko‘rsatib o‘tdi. 2017 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMTning 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoga chuqur islohotlar, demokratiya jarayonlarini faollashtirish va inson huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan «Yangi O‘zbekiston» dasturini taqdim etib, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida qator yirik xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, davlatimiz rahbari yosh avlod manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yagona hujjat sifatida BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyaсиni ishlab chiqishni taklif etdi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining mintaqada xavfsizlik va rivojlanish masalalari bo‘yicha muntazam maslahat uchrashuvlarиni o‘tkazish g‘oyasi ilgari surildi. Bunda Orol masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident xalqaro hamjamiyatni mintaqani tiklash uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasiga «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini ko‘rib chiqish uchun taqdim etdi. Hujjat asosiy maqsadi jaholat va ekstremizmga qarshi kurashish, ta’lim olish uchun keng imkoniyatlar yaratish, murosasizlikni bartaraf etish va e’tiqod erkinligini himoya qilishga qaratilgan. Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning jahon maydonidagi yangi qiyofasini ko‘rsatib, mamlakatning milliy islohotlarni global g‘oyalarga aylantirishga intilishini namoyon etdi.
O‘zbekiston tashabbuslari amalga oshmoqda (2018 yil)
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari 2018 yilning o‘zidayoq hayotga tatbiq etildi. Mart oyida Toshkentda afg‘on masalasini tinch yo‘l bilan hal etish maqsadida BMT shafeligida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Yozda esa BMT Bosh Assambleyasi «Markaziy Osiyoda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. Mazkur hujjatda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yangi hamkorlik modellari mustahkamlandi. Noyabr oyida Orolbo‘yi aholisiga yordam ko‘rsatish maqsadida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi tashkil etildi. 12 dekabr kuni esa BMT O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. 50 ga yaqin davlat hammuallifligida yaratilgan mazkur hujjat barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va e’tiqod vakillarini himoya qilishga qaratilgan. Shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiya loyihasi ishlab chiqilib, ushbu hujjat 2020 yilning avgust oyida Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumida muhokama qilindi.
75-yubiley sessiya: pandemiya sharoitidagi yangi tashabbuslar
2020 yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi ilk bor onlayn shaklda o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilida nutq so‘zlab, COVID-19 davrida global birdamlikka chaqirdi hamda BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi kodeks qabul qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbari kambag‘allik va ijtimoiy tengsizlik muammolariga ham e’tibor qaratib, kambag‘allikni bartaraf etishni BMT sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida e’lon qilish va Kambag‘alikka qarshi kurashish bo‘yicha global sammit o‘tkazish taklifini ilgari surdi. O‘shanda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini himoya qilishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya qabul qilish taklifi ham bildirilgandi. 2022 yil 14 dekabr kuni 80 ga yaqin davlat hammuallifligida ishlab chiqilgan tegishli rezolyutsiya qabul qilindi.
Ekologiya sohasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yini «ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» deb e’lon qilish va ekotizimlarni himoya qilish uchun maxsus sana belgilashni taklif etdi. 2021 yil may oyida Orolbo‘yi rasman ekologik innovatsiyalar hududi sifatida e’tirof etildi. Shunday qilib, 75-yubiley sessiyada ilgari surilgan qator g‘oyalar (pandemiya kodeksi, parlamentlar rolini kuchaytirish, kambag‘allikka qarshi kurash, Orolbo‘yi maqomi) BMTning rasmiy hujjatlari va xalqaro hamkorlik dasturlarida aks etdi.
76-sessiya g‘oyalari: mintaqaviy bog‘liqlik va ekologiya
BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan 76-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy integratsiya va barqaror rivojlanish yo‘lini davom ettirib, BMT pandemiyaga qarshi kurashishda yordam ko‘rsatayotganini qayd etdi hamda O‘zbekistonda ishlab chiqilgan «Pandemiyalar ixtiyoriy majburiyatlar kodeksi» BMT doirasida ham rasmiy hujjat sifatida tatbiq etilganini yodga oldi. Davlatimiz rahbari mintaqaviy aloqalar barqarorligiga yana bir bor alohida etibor qaratib, infratuzilmaviy loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida BMT qoshida Markaziy Osiyoda transport-kommunikatsion o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etishni taklif etdi. Bu g‘oya 2022 yilda Bosh Assambleya tomonidan bir ovozdan qabul qilingan «Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» rezolyutsiyasi bilan uyg‘undir. O‘zbekiston tomonidan Toshkentdagi konferensiyada ilgari surilgan hujjat mintaqalarni birlashtirishda transport yo‘laklari va Afg‘oniston muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Ekologiya sohasida ham ishlar davom ettirildi. O‘sha paytlarda Orolbo‘yi bo‘yicha trast jamg‘armasi o‘z faoliyatini boshlagan va «innovatsiya hududi» bo‘yicha rezolyutsiya ishlab chiqilayotgan edi. Toshkentda esa YUNESKO hamkorligida «Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida» madaniyat forumi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston 2021 yilning noyabrida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik rejasi yuzasidan xalqaro konferensiyani o‘tkazishgan tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.
78-sessiyada faol pozitsiya: iqlim va yoshlar mavzusi
BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev davlatlar umumiy manfaatlarini mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘yishi kerakligini ta’kidlab, 2022 yildagi Samarqand birdamlik tashabbusini yodga oldi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida barqaror rivojlanish, inson huquqlari va mintaqaviy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Prezident O‘zbekistondagi yangi konstitutsiyaviy va iqtisodiy islohotlar, YAIM o‘sishi va kambag‘allik darajasining pasaygani haqida ma’lumot berdi. Yoshlar va Markaziy Osiyoning gender siyosati masalalariga alohida urg‘u berildi. Prezident Markaziy Osiyo aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etishini ta’kidlab, BMT qoshida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi гуруҳиni tashkil etish va «Markaziy Osiyo yoshlar kun tartibi-2030» dasturini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Ushbu qadam ta’lim va yoshlarni ish bilan ta’minlash sohasidagi xalqaro loyihalarni muvofiqlashtirishga xizmat qildi. Yetakchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash doirasida O‘zbekiston 2024 yilda «BMT – ayollar» yetakchi ayollar Osiyo forumini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
Iqlim masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tropik siklonlar soni ortgani, Markaziy Osiyoda harorat ko‘tarilayotgani va daryolar oqimi kamaygani to‘g‘risida ma’lumotlar keltirib, BMTning Iqlim bo‘yicha kongressi va xalqaro hamjamiyatni moslashish bo‘yicha choralarini kuchaytirishga chaqirdi. O‘zbekiston yetakchisi «Markaziy Osiyo iqlim muloqoti» ni yo‘lga qo‘yish va «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdi. Bularning barchasi BMT tomonidan suv resurslari bo‘yicha maxsus vakil lavozimini joriy etish va Mintaqada suv tejovchi texnologiyalar platformasini yaratish bo‘yicha qabul qilingan choralarni to‘ldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Afg‘oniston masalasini ham e’tiborsiz qoldirmadi. Shavkat Mirziyoyev mamlakatni yakkalamasdan, BMT orqali sa’y-harakatlarni birlashtirish va Afg‘onistonning muzlatilgan mablag‘larini aholi ehtiyojlari uchun yo‘naltirishni taklif qildi. Davlatimiz rahbari diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash tashabbuslarini ham ilgari surdi, xususan, YUNESKO ko‘magida O‘zbekistonda Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazиni tashkil etish hamda 2024 yilda «Islom – tinchlik dini» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish taklifini bildirdi.
2023 yilgi nutq Prezident Shavkat Mirziyoyevning global kun tartibining konstruktiv yetakchisi sifatidagi nufuzini mustahkamladi. BMTda barqaror rivojlanish va hamjihatlik bilan bog‘liq masalaga yuqori baho berilib, barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» islohotlar va mas’uliyat borasida namuna sifatida e’tirof etildi.
80-yubiley sessiyadagi ishtirok – hamkorlikning yangi bosqichi
Joriy yil sentyabr oyida BMT o‘zining 80 yilligini nishonlaydi. Tashkilotning yubiley sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ham nutq so‘zlashi kutilmoqda. Global xavfsizlik, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, BMT va xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash kabi masalalar muhokama markazida bo‘ladi. Sammit doirasida Prezident BMT Bosh kotibi, xorijiy davlatlar yetakchilari va moliyaviy institutlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi, xorijiy kompaniyalar bilan qator kelishuvlar va shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Prezident nutqida Markaziy Osiyoda iqlim tahdidlari, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, BMT bilan ijtimoiy-iqtisodiy sohada hamkorlik qilish, erishilgan yutuqlar va 2030 yilgacha bo‘lgan rejalarga urg‘u beriladi.
Xulosa qilib aytganda, 2016-2025 yillarda O‘zbekiston BMT doirasida faol va kuchli o‘yinchiga aylandi. Prezident tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyutsiyalari, shu jumladan, «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» (2018), Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, Orolbo‘yini innovatsiya hududi deb e’lon qilish (2021), Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar ishtirokining ahamiyatini e’tirof etish bilan bog‘liq rezolyutsiyalari qabul qilindi. Bu hujjatlar ta’lim, bag‘rikenglik, mintaqaviy integratsiya va ekologik inqirozga qarshi kurash kabi masalalarni qamrab oldi. Har bir hujjatda Toshkentning tinchlik, taraqqiyot va mas’uliyatli xalqaro hamkorlikka bo‘lgan intilishi aks etgan. Bugun O‘zbekistonning ovozi BMT minbaridan baralla jaranglamoqda. Mamlakatimiz «Yangi O‘zbekiston»ni barpo etib, ma’rifat, bag‘rikenglik va barqaror taraqqiyot tamoyillari asosida «Yangi dunyo»ni yaratishga hissa qo‘shmoqda.
Abduaziz Hidirov, O‘zA sharhlovchisi