Har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim krediti va davlat grantlari ko‘paytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zladi.
Sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy “drayveri” bo‘lib qoladi.
Birgina misol, bolalarning bog‘cha bilan qamrab olingani 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million ayollar ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va daromad topish imkoniga ega bo‘ldi.
Bu ishlar davom ettirilib, kambag‘al oila farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun barcha sharoit yaratiladi. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizi qoplab beriladi va bu orqali 100 ming kambag‘al oila farzandlari qamrab olinadi.
Har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim krediti va davlat grantlari ko‘paytiriladi.
Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA