Xalqaro maydonda O‘zbekiston tashqi siyosatining muvaffaqiyatli yo‘li e’tirof etilmoqda

Munosabat
Keyingi yillarda mamlakatimiz tashqi siyosatida ochiqlik va faol muloqot asosiy ustuvor yo‘nalishga aylandi. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga tobora kengroq integratsiya qilinayotgani barcha sohadagi yutuqlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayonda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan, Italiya bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi.
Samarqand shahridagi Kongress markazida 2025 yil 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.
Muzokaralar natijasida savdo-iqtisodiy munosabatlar kengaydi, qo‘shma loyihalar amalga oshirildi, texnologiya va investitsiya sohalarida hamkorlik kuchaydi.
Mamlakatimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijalari xususida Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Piyer Gabriyele Papadia de Bottini bilan suhbatlashdik.

– O‘zbekiston mintaqaviy va xalqaro darajada muhim ahamiyatga ega davlatga aylanib bormoqda. Dunyoning ko‘plab nuqtalarida beqarorlik kuzatilayotgan bir davrda O‘zbekiston rivojlanish yo‘lidan izchil bormoqda. Bugun yurtingizdagi islohotlar jarayoni o‘zbek xalqi hayotiga qanday sezilarli ta’sir ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lyapmiz, – dedi Piyer Gabriyele Papadia de Bottini. – Birgina misol, bu yil Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bu kelishuvga erishilgani Markaziy Osiyo barqarorligiga raxna solishi mumkin bo‘lgan dolzarb muammolardan biri hal etilganini anglatadi. O‘zbekiston yetakchisi o‘ttiz yildan buyon yechilmay kelgan murakkab masala – chegaralarni belgilash jarayonida mintaqani barqarorlashtirishda katta ijobiy rol o‘ynadi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston o‘zining ko‘p vektorli tashqi siyosati bilan katta natijalarga erishmoqda. Umuman olganda, yurtingizning Osiyo markazidagi strategik joylashuvi tufayli u nafaqat so‘nggi yillarda, balki asrlar davomida Sharq va G‘arb, Shimol va Janubda turli hamkorlar bilan samarali muloqot olib borish qobiliyatini shakllantirib kelgan. Bu esa diplomatiya san’ati nuqtai nazaridan O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘ziga xos namunaga aylanganini anglatadi.
Italiya dunyoga yuz tutayotgan, doimo tinchlik tarafdori bo‘lgan mamlakat bilan munosabatlarni mustahkamlab borayotganidan mamnun. Bilasiz, Italiya va O‘zbekiston bugungi kunda siyosiy muloqotdan tortib, turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirmoqda. Rasmiy Rim prezidentingizning shaffoflik va qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lidagi islohotlarini yuqori baholaydi. Bu e’tiroflar shu yilning aprel oyida Samarqandda tashkil etilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti va may oyida Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan muzokaralarda ham ko‘p bora tilga olindi.
Prezidentingizning 2024 yil iyun oyida Italiyaga davlat tashrifi biz uchun katta voqea bo‘ldi. Aynan o‘sha paytda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik strategik darajaga ko‘tarildi.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi harakatlarini alohida ta’kidlashni istardim. Chunki bu juda aniq va amaliy jarayon bo‘lib, iqtisodiy muloqotni barcha darajada yanada kengaytirishga imkon beradigan standartlarni joriy qilishni talab qiladi. O‘zbekistonning oson bo‘lmagan bu islohotni qat’iyat bilan amalga oshirayotganiga katta hurmat bilan qaraymiz.
Shu o‘rinda O‘zbekiston xalqini yaqinda nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan qutlayman. Bu kun haqiqatan ham faxr kuni bo‘lsin. Italiya O‘zbekiston bilan birga, qalban xalqingizga yaqin. Biz hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.
O‘zA muxbiri
Ikrom AVVALBOEV
yozib oldi.