Prezidentimizning SHHT sammitida ilgari surgan tashabbuslari global ahamiyat kasb etmoqda

137

Munosabat

Bugun xalqaro ekspertlar dunyo taraqqiyot atalmish manzilga borishda qanday yo‘lni tanlayotganini aniq ayta olmayapti. Kimlardir insoniyat xavf-xatarlar girdobida deydi. Yana boshqalar esa hamkorlik va birdamlik sari qadam qo‘yib, barcha masalalarni hal qilish lozimligini ta’kidlaydi. 

Aslida, bu sharoitda xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, ekologik barqarorlik va ma’naviy yaqinlashuv barchasidan muhim. Shunday paytda Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi tuzilmalarning tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etadi.

SHHT jahon hamjamiyati uchun muhim siyosiy va iqtisodiy platformaga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tashkilotda qabul qilinayotgan qarorlar xalqaro munosabatlarning yo‘nalishini belgilab berishi mumkin.

Ana shunday hal qiluvchi bir pallada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 1 sentyabr kuni Tyanszin shahridagi sammitda ilgari surgan tashabbuslari nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa va jahon uchun katta ahamiyat kasb etdi. Bu tashabbuslarning ba’zilariga qisqacha to‘xtalamiz.

Prezident SHHT institutlari samaradorligini oshirish va uni Global Janub davlatlari hisobiga kengaytirish tashabbusini ilgari surdi.

Bu nechog‘lik muhim? Chunki zamonaviy dunyoda izolyatsiya emas, balki kengayish va muloqot orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin. Global Janub davlatlarining qo‘shilishi esa SHHTni xalqaro maydonda yanada nufuzli, ta’sirchan kuchga aylantiradi.

Yana bir muhim tashabbus xavfsizlik – umumiy manfaat masalasiga qaratilganligi bilan dolzarb. Ya’ni yadro xavfsizligi bo‘yicha deklaratsiya qabul qilish, Ichki ishlar vazirlari kengashi faoliyatini qayta tiklash, 2030 yilgacha giyohvandlikka qarshi kurash dasturini tayyorlash, “SHHT–Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyatini faollashtirishdir. Prezidentimizning bu tashabbuslari mintaqa tinchligi uchun tayanchdir. Yadro xavfsizligi deklaratsiyasi – global barqarorlikka qadamdir.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy maydonda yangi imkoniyatlar ochadigan tashabbusni ham ilgari surdi. Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitimni imzolash, Strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz, Energetika konsorsiumi, Venchur kompaniyalar va jamg‘armalar tarmog‘i hamda Maxsus elektron investitsiya portalini tashkil etishga alohida e’tibor qaratdi.

Zero, iqtisodiy integratsiya taraqqiyotning eng asosiy kalitlaridan biri sanaladi. Bu tashabbuslar orqali SHHT davlatlari biznes muhitini yengillashtiradi, yangi sarmoyalar oqimini jalb qiladi va mintaqaning iqtisodiy qudrati oshadi.

Shuningdek, Shimol–Janub va Sharq–G‘arb yo‘nalishlarida transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bilan uyg‘unlashtirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Hech bir millat yoki davlat izolyatsiyada rivojlana olgan emas. Yo‘llar taraqqiyot tomoniga olib boruvchi ko‘prik ekani bugun ko‘p bo‘ra isbotlandi. Ushbu tashabbus mintaqani jahon logistikasidagi strategik markazga aylantiradi.

O‘zbekiston ushbu sammitda ham ekologiya va texnologiya uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratdi. Bu Shavkat Mirziyoyevning iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan SHHT mintaqaviy platformasini ishga tushirish tashabbusida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Bu tashabbus asrimizning eng dolzarb muammosiga – iqlim o‘zgarishiga zamonaviy yechim taklif qiladi. Sun’iy intellekt orqali xavflarni oldindan ko‘rish, tabiat va inson uyg‘unligini saqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Insonlarning qalbini yaqinlashtirmasdan, faqat siyosiy va iqtisodiy hamkorlik orqali muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari xalq ijodiyoti xalqaro festivalini o‘tkazish, “SHHT universiteti” onlayn kampusini tashkil etish, talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov hamda olimpiadalar o‘tkazish, shuningdek, “Sayyohlik yo‘lagi” va “Tibbiyot turizmi alyansi” loyihalarini amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi. Bu takliflar esa xalqlar o‘rtasidagi madaniy birdamlikni kuchaytiradi, yoshlar uchun esa kelajak yo‘lini yoritadi.

Sammitning eng muhim natijasi Toshkent shahrida doimiy faoliyat yuritadigan organ – SHHTga a’zo davlatlarning xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markazini tashkil etish bo‘ldi. Buning ortidan Axborot xavfsizligi markazi ham faoliyat boshlaydi. Demak, Toshkent endi nafaqat mintaqa, balki butun SHHT makonida xavfsizlikning asosiy tayanchiga aylanadi.

Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar SHHTning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy qiyofasini yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Ularning har birining ortida kelajakni birgalikda barpo etishdek ezgu g‘oya mujassam.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA sharhlovchisi