SHHT sammiti: Toshkentda SHHT Universal markazi va Axborot xavfsizligi markazi tashkil etiladi

94

Xitoyning Tyanszin shahrida SHHT sammiti davom etmoqda.

SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilotning siyosiy asoslarini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, sammitda qayd etilishicha, hozirgi to‘qnashuv va o‘zgarishlar sharoitida SHHT mamlakatlari uchun “Shanxay ruhi”ga sodiqlikni namoyon qilish va tashkilot samaradorligini oshirish alohida ahamiyatga ega. Buning uchun  barcha mamlakatlar birdamlikka intilishi zarur  hamda o‘zaro manfaat va ikki tomonlama g‘alaba prinsiplariga amal qilishi kerak.

Sammitda Xitoy Raisi ochiqlik va inklyuzivlikka sodiqlikni saqlashning zarurligini ham ta’kidladi. Xitoy barcha tomonlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt (SI) sohasida amaliy hamkorlik markazini tashkil etishga va ushbu yo‘nalishda erishilgan yutuqlar bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari sammit davomida SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi asosida Toshkent shahrida doimiy faoliyat yuritadigan organ — SHHTga a’zo davlatlarning xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Uning huzurida SHHT Axborot xavfsizligi markazi ham tuziladi. Ushbu qaror xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Shu bilan birga Shimol–Janub va Sharq–G‘arb yo‘nalishlarida transport-tranzit yo‘laklari rivojlantiriladi,  «SHHT yagona transport makoni» shakllantiriladi va «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi bilan uyg‘unlashtiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Xitoy, Tyanszin