Iqtidorli yoshlar tanlovi g‘oliblari taqdirlanishdi

Nukusda yosh olimlar o‘rtasida kosmik va ijtimoiy sohadagi texnologiyalar hamda ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan “Yosh muhandis” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – o‘quvchilar o‘rtasida kosmik va ijtimoiy texnologiyalarni rivojlantirish, ushbu sohadagi ilmiy-texnik yutuqlarni ijtimoiy foydali tashabbuslarda qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganish, sohadagi dolzarb muammolarni aniqlash, texnologik bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun platforma yaratish, yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish va ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, yosh va barkamol avlod — biz oldimizga maqsad qilgan yangi davr va yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi, kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori hisoblanadi. Shu bois bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda maktabdan tashqari ta’lim tizimini oshirish borasida bir qancha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi bilimlarini mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiya vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan hamkorlikda yosh olimlar o‘rtasida mazkur tanlov o‘tkazildi. Unga mamlakatimizning barcha hududlaridan 11 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlardan 50 ta loyiha qabul qilindi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, loyihalar yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni Namangan viloyatidan Nafisa Dilmurodova, ikkinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Azizbek Yuldashov, uchinchi o‘rinni Buxoro viloyatidan Ozodbek Ramazonovlar egallashdi.
Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan sertifikatlar, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi, shuningdek, homiy tashkilotlar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari