Ko‘rik-tanlov g‘oliblari ma’lum bo‘ldi (+video)

Nukusda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh.Utemisov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi K.Karimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi U.Utegenova, Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori B.Nurabullayev va boshqalar so‘zga chiqib, “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblarini hamda ishtirokchilarini mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi bayrami bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yilning 10 iyulidagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan joylarda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Mazkur qarorda Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor – ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazish belgilangan.
Ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 30 nafardan ortiq ijodkor o‘zlarining 200 dan ziyod ijodiy ishi bilan ishtirok etishdi. Ulardan eng munosiblari g‘olib deb topildi. Jumladan, “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” nominatsiyasida — “Qoraqalpog‘iston madaniyati” gazetasining mas’ul kotibi Elmira Saytjanova, “Teleradio ijodkorlarining materiallari” yo‘nalishida —Qoraqalpog‘iston telekanali “Xabar axborot taxlil dasturlari” bosh muharririyati sharhlovchisi Arzixan Ibraimova, Qoraqalpog‘iston radiokanali “Xabar va axborot tahlil dasturlari” bosh muharririyatining 1-toifali muxbiri Miyrigul Tilepova, “Internet jurnalistika” yo‘nalishida — Qoraqalpog‘iston axborot agentligi yetakchi sharhlovchisi Adilbay Orazov, “Shoir va yozuvchilarning badiiy asarlari” yo‘nalishida — Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining mas’ul kotibi Beknazar Yernazarov, “Tasviriy san’at, foto asarlar va dizayn ishlari” yo‘nalishida — O‘zbekiston Milliy axborot agentligi fotomuxbiri, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Maqsad Habibullayev, “Kino san’ati asarlari” yo‘nalishida —“Qoraqalpoqfilm” davlat unitar korxonasi direktori o‘rinbosari Gulmira Saparovalar tanlov g‘oliblari bo‘lishdi.
– Eng ulug‘, eng aziz bayram, mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi arafasida tanlov g‘olibi bo‘lganimdan mamnunman, – deydi “Qoraqalpog‘iston madaniyati” gazetasining mas’ul kotibi Elmira Saytjanova, –Bunday e’tirof har bir ijodkorni yanada ruhlantiradi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA