Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

To‘rtko‘l tumanida 695 gektar maydondagi bog‘dorchilik uchun ajratilgan yerlarda 90 ta fermer xo‘jaligi aholini sarhil mevalar bilan ta’minlamoqda.
Xususan, tumandagi “Barakat Soxdiyon” fermer xo‘jaligida yetishtirilgan mevalar dehqon bozoriga peshma-pesh yetkazib berilmoqda. Hozirda xo‘jalikda jami 12 gektar bog‘ mavjud bo‘lib, shundan 7 gektari uzumzor, qolgan qismini esa olma tashkil etadi.
Fermer xo‘jaligi nafaqat yoz va kuz mavsumida, balki qishda ham aholini shirin mevalar bilan ta’minlash maqsadida muzlatgichlardan foydalanadi. Shu tariqa, yangi yil dasturxoniga ham yangi uzilgan mevalar yetkazib beriladi. Xo‘jalikda 7-8 nafar bog‘bon doimiy ishlaydi. Mavsumda esa 20-30 nafardan ortiq ishchi jalb qilinadi.

***
Nukus tumani “Taqirko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yangi 18-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodning komil inson bo‘lib yetishishida maktabgacha ta’limning alohida o‘rni borligini ta’kidladi va mamlakatimiz mustaqilligimizning 34 yillik bayrami munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi. Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari yangi ochilgan maktabgacha ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, 120 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurish uchun 5 milliard 388 million so‘m mablag‘ ajratildi va u qisqa muddat ichida foydalanishga topshirildi.

***
2025 yil davomida Beruniy tumanida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 8 nafar yoshni uy-joy bilan ta’minlash belgilangan.
Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida tumanda yana bir nafar yoshga davlat g‘amxo‘rligining amaliy ifodasi sifatida bir xonali, barcha qulayliklarga ega turar joy topshirildi.
Inson ijtimoiy xizmatlar markazining Beruniy tumani bo‘limi tomonidan berilgan ushbu xonadon Suhrob Yo‘ldoshev uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Hozir u talaba. Maqsadi – kelajakda ilm-fan sohasida katta yutuqlarga erishish.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri