Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi

115

“Nukus-aeroport” bojxona postida huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi tadbirda xalqaro reyslar bo‘yicha post orqali harakatlanayotgan fuqarolarga bojxona qonunchiligi tartiboti tushuntirilib, ularga har qanday vaziyatda qat’iy rioya etish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Tadbir davomida post xodimlari bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi taqiqlangan tovarlar ro‘yhati, tovar-moddiy boyliklarni bojsiz olib o‘tish me’yorlariga alohida to‘xtalar ekan, fuqarolarni bojxona qonunchiligini bilib yoki qasddan buzishga urinmaslik, taqiqlangan ashyolarni bojxona chegaralari orqali olib o‘tmaslik va belgilangan me’yorlarga amal qilish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishdi.

Ta’kidlash joizki, qonunchilik talablarini bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi va sodir etilgan huquqbuzarlikni yashirish maqsadida bojxona xodimiga “pora” taklif qilish qonunchilik talablari asosida javobgarlikka tortilishga asos bo‘ladi. Shunday ekan, iqtisodiyot va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil – korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning vazifasi. Fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularni bojxona qonunchiligi bilan tanishtirish korrupsiya va huquqbuzarliklarning oldini olishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunida fuqarolarga bojxona xodimining ta’magirlik, mansab vakolatidan chetga chiqish, “pora” talab qilish kabi nomaqbul harakatlariga duch kelishsa, Bojxona qo‘mitasining 11-08 qisqa va Qoraqaplog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining 61224-90-86 ishonch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari so‘ralib, raqamlar yozilgan bukletlar tarqatildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbir