Umummilliy birdamlik – jamiyat taraqqiyotining asosi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida bo‘lib o‘tayotgan “Umummilliy birdamlik festivali” doirasidagi tadbirlar yurtimizda inson qadri, ijtimoiy birdamlik va farovon hayot sari olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasiga aylandi.
Ushbu festivalda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlari faol ishtirok etib, aholining ijtimoiy ehtiyojlarini o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida samarali ishlar olib bormoqda.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda tumandagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan imkoniyati cheklangan bolalarga mo‘ljallangan kunduzgi parvarishlash xizmatiga tashrif uyushtirildi. Ushbu muassasada tarbiya olayotgan bolalar holidan xabar olinib, ular rivojlanishidagi ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Shuningdek, “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inida “Asadali” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan uy sharoitida tashkil etilgan kunduzgi parvarish xizmatida yolg‘iz, keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘zdan kechirildi. Bu yerda 18 yoshdan katta aholi qatlamiga 5 turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. “Inson qadri uchun” shiori ostida o‘tkazilgan suhbatlar chog‘ida deputatlar nuroniylar bilan samimiy muloqotda bo‘lib, ularning taklif va muammolarini tinglashdi.
Yoshlar bilan ishlash masalasida ham festival doirasida muhim tashabbuslar amalga oshirildi. “Farovon hayot sari ilk qadam” dasturi asosida tashkil etilgan biznes-treninglar orqali yosh avlodga tadbirkorlik ko‘nikmalari berildi. Bu jarayonda deputatlar tomonidan yoshlarning g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanib, ularga amaliy maslahatlar berildi. Tijorat banki vakillari va tadbirkorlar ishtirokidagi seminarlar yoshlar uchun foydali bo‘lib, ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur festival doirasida deputatlar aholining turli qatlamlari bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularning hayotini yaxshilash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida o‘zlarining amaliy yordamlarini berishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri