Tadbirkorlarga huquqiy yordam berilmoqda

Bayram munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ullari tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘lib, bojxona qonunchiligidagi yangilanish va o‘zgarishlar ular faoliyatiga tatbiq etilganda ijobiy natijalar ko‘rsatishi yuzasidan targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda.
Ellikqal’a tumanidagi “Bo’ston cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda. Ip kalavadan mato ishlab chiqarish, uni bo‘yash, ishlov berish va tikish natijasida olinayotgan tayyor mahsulotlarning Turkiya, Ukraina, Xitoy, Rossiya davlatlariga eksporti ham yo‘lga qo‘yilgan. Oxirgi 3 yil davomida korxona 4,5 million AQSH dollari qiymatidagi 1 ming 587 tonna tayyor to‘qimachilik tovarlarining eksportini amalga oshirgan.


Uchrashuvda mas’ullar tomonidan eksport geografiyasini kengaytirish uchun korxona faoliyatida bojxona rejimi imkoniyatlaridan foydalanish afzalliklari batafsil tushuntirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri