Chegarachilarga yangi uy kalitlari topshirildi (+video)

98

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani alohida tahsinga sazovor.

Mana yaqinda ham mustaqilligimizning 34 yillik bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani “Qoraqalpog‘iston”  fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan qismlarning birida o‘z  xizmat faoliyatlarini olib borayotgan harbiylar va ularning oila a’zolari uchun mo‘jallangan xonadonlarining kalitlarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

Bayram shukuhiga jo‘r bo‘layotgan karnay-surnay ohanglari ostida boshlangan bayram tadbiriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi vakillari, Qo‘ng‘irot tumani  faollari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining mas’ul ofitserlari ishtirok etishdi.

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tadbirda so‘z olganlar so‘nggi yillarda yurtimiz himoyachilari uchun munosib xizmat va turmush sharoitlarini yaratishga katta e’tibor qaratilayotgani, foydalanishga topshirilayotgan shinam xonadonlar ham ana shu yuksak e’tiborning namunasi ekanini alohida qayd etdilar.

Ta’kidlanganidek, Vatan muqaddas, uni himoya qilish eng oliy burchdir. Davlatimiz sarhadlarini himoya qilish kabi mas’uliyatli vazifalarni bajarib, davlatimizning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinchligini ta’minlashda chegarachilarimizning o‘rni beqiyos.

Bayramona, bir tekisda saf tortgan, yuzlarida xursandchilik aks etgan harbiy xizmatchilarga shu kuni zamonaviy loyihalar asosida bunyod etilgan, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan, barcha qulayliklarga ega, 48 xonadondan iborat muhtasham uyning  kalitlari topshirildi. Shuningdek, ularning rafiqalari  bandligini ta’minlash maqsadida  qurilgan, to‘liq jihozlangan tikuvchilik sexi ham ish boshladi.

Dovud Abibullayev,  Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA