Harbiy qismda “Huquqiy maslahatlar kuni” aksiyasi o‘tkazildi

90

“Yuksalish” harakati O‘zbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlarning birida tashkil etgan “Notariuslardan bepul huquqiy maslahatlar” shiori ostida aksiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bӯlimi boshlig‘i T. Romanov, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasining boshlig‘i Z.Yaxipov, Taxiatosh tumanida joylashgan harbiy qism komandiri ӯrinbosari, mayor O.Mamadraimov so‘zga chiqib, mazkur tadbirning ahamiyati borasida to‘xtalib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunining Notarial palataga bag‘ishlangan bobida aholining huquqiy bilimlarini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan. Mazkur tadbir jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini takomillashtirib borish orqali aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishini ta’minlash, xususan, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, notarial xizmatlar mazmun-mohiyati hamda ularning kundalik hayotdagi ahamiyati haqida tushunchalarni kengaytirish, huquqiy savodxonlikni mustahkamlash orqali fuqarolarning o‘z huquq va manfaatlarini qonuniy asosda himoya qilishga ko‘maklashish maqsadlarini ko‘zda tutadi.

Aksiyaning dastlabki kuni Nukus shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar Guliston Seytanova hamda Eleonora Doshmuratovalar tomonidan harbiy xizmatchilarga uy-joy, kvartira, xizmat turar joyi, ixtisoslashtirilgan uylar ijara shartnomasi (qo‘shimcha ijara) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa masalalar bo‘yicha zarur huquqiy tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, mulk, oldi-sotdi, meros huquqi, oilaviy munosabatlar va nikoh shartnomasini rasmiylashtirish, ishonchnoma va arizani rasmiylashtirish, sovg‘a, ijara, hujjat tarjimasini tasdiqlash hamda migratsiya va notarial sohaga aloqador bo‘lmagan turli masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, shu kuni 7 nafar fuqaroga meros masalasida, 10 nafariga esa boshqa notarial xarakatlar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.

Ta’kidlash joizki, aksiya 2020 yildan boshlab, 5 yil davomida amalga oshirilib kelinmoqda. Uning doirasida jami 17 ming 468 nafar fuqaro qamrab olindi.

Aksiya ertaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasida ham bo‘lib o‘tadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri