Instagram – kishining “tashrif qog‘ozi” lekin…

Bugungi raqamli asrda ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa instagram, nafaqat ko‘ngilochar platforma, balki har bir kasb egasi uchun o‘zini namoyon qilish, shaxsiy brend yaratish va mijozlar bazasini kengaytirish imkoniyatiga aylangan. Shifokorlar, oshpazlar, stilistlar, bort kuzatuvchilari, sportchilar, aktyorlar, dizaynerlar va boshqa ko‘plab kasb egalari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha bloglar yuritish orqali katta auditoriyaga ega bo‘lmoqda.
Instagramda professional yondashuv bilan kontent yaratish va doimiy faoliyat yuritish kishiga bir necha afzalliklar beradi. Misol uchun: mutaxassis o‘z ish tajribasi, yondashuvi orqali boshqalardan ajralib tura oladi. Ko‘proq mijoz va auditoriya jalb qilish bilan doimiy kontentga qiziqqan auditoriya shakllanadi. Qolaversa, mamnun mijozlarning mutaxassis ishlariga maqtovi va yaxshi fikrlari bilan boshqa mijozlarda ham ijobiy taassurot paydo bo‘ladi.
Shu bilan birga, instagramda aldov va soxtalik holatlari ham kuzatilmoqda. Ko‘p hollarda noprofessional shaxslar boshqa mutaxassislarning ishlarini o‘ziga tegishli deb e’lon qiladi. Aslini olganda esa ular u qadar mukammal kacbiy bilimga ega emas. Ayrim blogerlar homiylik postlari orqali sifatsiz mahsulot yoki xizmatlarni targ‘ib qilmoqda. Qolaversa, mutaxassislik sertifikatisiz faoliyat yuritish ham juda ko‘paygan. Bu, ayniqsa tibbiyot, kosmetologiya va psixologiya kabi nozik sohalarda xavfli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, obunachilar sonini sun’iy ko‘paytirish va ko‘rishlar sonini berkitish sababli blog egasi faoliyati chindan ham malakali ekanini tekshirish ancha mushkul.
Bu kabi holatlar nafaqat foydalanuvchilarni aldaydi, balki haqiqiy mutaxassislarning ishonchiga putur yetkazadi. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa professional faoliyat yuritayotgan shaxslar uchun, ma’lum bir axloqiy va ijtimoiy “filtr” zarurati tug‘ilmoqda.
Kelib chiqayotgan vaziyat sababli, diplom, mavqe va ish tajribasi bir chetda qolib, bir bloger reklamasi yoki insonning maxsus psixologik undovlari orqali o‘ziga tortuvchi soxta “mutaxassis”larga talab kundan-kunga ortib bormoqda. Kosmetolog preparatlarini dozasidan ziyod ishlatgani uchun mijozda oldini olib bo‘lmas teri kuyish asoratlarini keltirib chiqarsa, oshqozon operatsiyasini maxsus bilim va ko‘nikmalarsiz o‘tkazilishidan so‘ng bemor sog‘lig‘i og‘irlashsa, inson haqiqiy mutaxassisni qanday topish mumkinligiga ham ikkilanadi…
Ushbu holatlarning oldini olish uchun Instagram platformasida professional akkauntlar uchun alohida tasniflar, tasdiqlov mexanizmlari kuchaytirilishi mumkin. Soxta kontent yoki yolg‘on ma’lumot tarqatuvchi akkauntlar haqida foydalanuvchilar xabar berishi mumkin bo‘lgan ochiq tizimlar yanada qulaylashtirilishi kerak. Qolaversa, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan axborot madaniyati bo‘yicha ma’lumotlar berib borilishi muhim.
Instagram bugun har bir inson uchun yangi eshiklarni ochmoqda. Ammo bu imkoniyatlar bilan birga javobgarlik ham ortmoqda. Har bir mutaxassis o‘z sohasida halol, shaffof va axloqiy mezonlarga tayanib ish yuritsa, ijtimoiy tarmoqlar sog‘lom raqobat maydoniga aylanadi. Shu bois, nafaqat platformalar darajasida, balki jamiyat darajasida ham axborot maydonini sog‘lomlashtirish uchun ma’naviy va texnik “filtr”lar joriy qilish dolzarb bo‘lib bormoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA