Musobaqa va sayohat tashkil etildi

161

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali tomonidan Sport hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida stol tennisi, voleybol va ko‘pkurash turidan sport musobaqalari o‘tkazildi.

Uning ochilish marosimida bir qator soha rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va ustoz murabbiylar so‘zga chiqib, ishtirokchi jamoa a’zolariga omad tilashdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ham belgilandi.

Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlaridan kelgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari hamda maktab o‘quvchilaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etishdi. G‘olib sportchilarga tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom, kubok, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi. Taqdirlash marosimi san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.

Ikkinchi kuni musobaqa ishtirokchilari uchun Xo‘jayli tumanining hududida joylashgan Mizdaxqon arxeologik majmuasiga sayohat uyushtirildi. Tadbir davomida ular ushbu arxeologik majmua haqida keng tushunchaga ega bo‘lishdi va maroqli hordiq chiqarishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA