Xalqaro dayjest (+video)

89

Vetnam hukumati Xitoyda kuchayib borayotgan Kajiki to‘foni sababli 586 mingdan ortiq aholining xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi. Xitoy Milliy meteorologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, to‘fon 24 avgust oqshomida Haynan provinsiyasining janubiy sohillarini chetlab o‘tgan. U 25 avgust kuni Vetnam markaziy hududlariga yopirilishi kutilmoqda. Ayni paytda, Xitoyning Sanya shahridagi barcha jamoat transporti va savdo maskanlarida faoliyat to‘xtatilgan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga faqat bitta shart bilan “mavjud bo‘lish” huquqi berilishini aytdi. U mazkur shart Rossiya anneksiya qilgan hududlardan voz kechish hisoblanishini bildirdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin aynan shu talabni urushni to‘xtatish sharti sifatida ilgari surgan edi.

Fransiya AQSHning Parijdagi elchisi Charlz Kushnerni 25 avgust kuni Tashqi ishlar vazirligiga chaqirish niyatida. Bunga elchining Fransiyada antisemitizmning kuchayishiga qarshi choralar ko‘rilmayotgani haqidagi bayonotlari sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi. Kushner — yahudiy millatiga mansub bo‘lib, AQSH prezidenti Donald Trampning qudasi hamdir (Ivanka Trampning qaynotasi). U o‘z murojaatini Wall Street Journal gazetasida e’lon qilingan ochiq maktub orqali Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga yo‘llagan. Unda elchi G‘azo urushi boshlanganidan beri Fransiyada yahudiylarga nisbatan nafrat kuchayayotganini ta’kidlagan.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida 24 avgust kuni har bir tarafdan 146 nafar mahbus almashildi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi. Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Ukrainada ushlab turilgan 146 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi ozod etilgan. Buning evaziga 146 nafar Ukraina Qurolli kuchlari askari ham Ukrainaga qaytarilgan.

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov 2024 yilda Parijda qo‘lga olinishini Fransiya politsiyasining xatosi, deya ta’kidladi. Bu haqda u 24 avgust kuni o‘zining Telegram’dagi sahifasida ma’lum qildi. Durovga ko‘ra, oradan bir yil o‘tib ham olib borilgan surishtiruvlar na uning, na Telegram platformasining aybdorligini isbotlay olgan.

Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA