Nodirbek Yoqubboyev “61st Rubinstein Memorial-2025” turniri g‘olibi

Polshada shaxmat bo‘yicha poyoniga yetgan “61st Rubinstein Memorial-2025” turnirida hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev g‘oliblikni tantana qildi.
Kecha o‘tkazilgan so‘nggi 9-tur doirasida Yoqubboyev ukrainalik Igor Kovalenko bilan bahslashdi. Hamyurtimiz qora, raqibi oq donalarda harakat qilgan o‘yinning 9-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanlashdi.
G‘oliblik yo‘lida Nodirbek Yoqubboyevni ta’qib etgan polshalik Radoslav Voytashek oxirgi turda qora donalarda chexiyalik David Navarani mag‘lub etgan bo‘lsa, germaniyalik Mattias Blyubaum polshalik Yan Klimkovski bilan durang o‘ynadi.

Poyoniga yetgan uchrashuvlar sarhisobiga ko‘ra, Nodirbek Yoqubboyev 6,5 ochko bilan turnirning oltin medalini qo‘lga kiritdi. Radoslav Voytashek 6 ochko bilan kumush medalga, Mattias Blyubaum 5,5 ochko jamg‘argan holda bronza medaliga ega chiqdi.
Mazkur turnirda erishgan g‘alabasi ortidan Nodirbek o‘z hisobiga +18.2 ochko qo‘shib, FIDE reytingida 15 ta pog‘ona yuqoriladi, TOP-100likda 45-qatordan joy egalladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA