Ixtisoslashtirilgan sport maktablari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

109

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq: 

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari to‘g‘risidagi nizom;

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablariga o‘quvchilarni saralab olish, qabul qilish hamda chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, Agentlik tizimidagi sport maktablari bitiruvchilariga tegishli sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari uchun tasdiqlangan shaklda diplom hamda trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun malaka sertifikati beriladi.

O‘quvchilar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul oziq-ovqat va bino quvvati doirasida yashash joyi bilan ta’minlanadi.

2025 yil 1 sentyabrdan boshlab ma’muriy-boshqaruv, pedagogik, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish haqi fondining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Direktor, direktor o‘rinbosarlari, trenerlar, tibbiyot xodimlari, yo‘riqchi-uslubchilar, sport psixologlariga olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llanilganda, mazkur rag‘batlantirish jamg‘armasi orqali to‘lovlar tatbiq etilmaydi.

Agentlik tizimidagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarning mehnatiga haq to‘lashda ularning mutaxassislik fani bo‘yicha malaka toifasi hamda milliy yoki xalqaro sertifikatlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan shartlar tatbiq etiladi.

Sport maktablariga fan yo‘nalishi bo‘yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma’lumot va kamida ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar tanlov asosida jalb etiladi.

2025 yil 31 dekabrga qadar sport maktablari o‘quvchilarining sport musobaqalarida xavfsiz ishtirokini ta’minlash maqsadida sport maktablariga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan kamida 50 o‘rinli 1 tadan avtobus xarid qilinadi.

O‘quvchi-sportchi va trenerlarning tadbirlarga, mahalliy va xalqaro musobaqalarga tayyorgarligi hamda ishtiroki bilan bog‘liq barcha xarajatlar Sport vazirligiga ajratiladigan mablag‘lardan ushbu sport maktablari hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.

O‘zA