Futzal: Yangi mavsumda kuchlilikka da’vogarlarni bashorat qilib bo‘lmaydi

92

Keyingi yillardan futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati o‘yinlari, uning saviyasi, Oliy liga jamoalari o‘rtasidagi raqobat har qachongidan-da murosasizligi bilan muxlislar mehrini qozonmoqda.

Kuni kecha Oliy liga bahslarida qatnashadigan jamoalar uchun transfer oynasi mahalliy futzalchilar uchun yopilishi arafasida barcha jamoalar tarkibga kelib qo‘shilganlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Ayni paytga kelib Oliy liganing 12 jamoasidan 8 tasi xorijlik futzalchilar xizmatidan foydalanish yo‘lini tanlagani, Braziliyadan kelgan o‘yinchilar soni 21 nafarni, umumiy legionerlar soni esa 31 nafarni tashkil etayotgani O‘zbekistonda futzal jadal rivoj topayotganidan, ommalashayotganidan dalolat.

Joriy yilgi chempionat bahslarida Braziliya qatorida Kolumbiya, Venesuela, Tojikiston, Qirg‘iziston mamlakatlaridan kelgan legionerlar bilan bir qatorda, milliy terma jamoalarimizga nomzod futzalchilarning ko‘pligi o‘yinlar har qachongidan-da qiziqarli o‘tishidan darak berayotgandek.

Yana bir o‘ziga xos jihat, Oliy ligada sovrinli o‘rinlar uchun da’vogarlar sonini bashorat qilish mushkul. Zero, barcha jamoalar mavsumga katta niyatlar, maqsadlar bilan tayyorlanmoqda.

Bu, chempionatga hozirlik jarayonida jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan nazorat uchrashuvlarida qayd etilayotgan natijalarda o‘z aksini topdi: SQB (4:2) hamda “BMB” (4:3) mamlakatimizda yig‘in o‘tkazgan Tojikiston milliy terma jamoasidan ustun keldi. “Lokomotiv” OKMKni (4:1), “Surxon” “BMB”ni (3:1) mag‘lub etdi. “Bunyodkor” OKMK bilan durang o‘ynadi (4:4), “Oil Star” “Qizilqum” bilan ikkita nazorat uchrashuvida maydonga chiqdi (5:1, 6:5). Bankirlar Singapur instituti jamoasini 6:2 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi.

Natijalardan ko‘rinib turibdiki, barcha jamoalarda g‘oliblik uchun istak, xohish yuqori. Demakki, chempionatda o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmaydi. Har bir bahs muxlislarga olam-olam zavq bag‘ishlashi shubhasiz.

Eslatib o‘tamiz, mamlakat Oliy liga bahslariga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 25 avgustida bo‘lib o‘tadi.

2025-2026 yilgi Oliy liga futzal mavsumiga 2 -7 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida start beriladi.

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA