Yengil atletikachilarimiz qit’a chempionati sovrindori

106

Janubiy Koreyaning Mokpo shahrida yengil atletikaning uloqtirish turlari bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi.

Kecha chempionatning kechki dasturidagi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.

17 ta davlatning 1 ming 230 nafardan ziyod sportchilari ishtirok etayotgan birinchilikda terma jamoamiz a’zosi Malika Nasriddinova yadro uloqtirish dasturida 17.14 metr natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Malikaning muvaffaqiyatli chiqishidan so‘ng yana bir yengil atletikachimiz Suxrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish sektorida 69.52 metr bilan kumush medalga egalik qildi.

Bugun, 22 avgust kuni chempionatning so‘nggi kunida nayza uloqtirish musobaqalarida qit’a chempionati g‘olib va sovrindorlari aniqlanadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA